Sirdaryoda terrorchilik va ekstremistik tashkilotlarni targ‘ib qilganlikda gumonlanayotgan 20 kishi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 16 iyun kuni internet ijtimoiy tarmoqlari orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar a’zolarining ta’siriga tushib, radikal g‘oyalarni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelganlikda gumonlanayotgan yashirin guruh qo‘lga olingan.

Ularning faoliyatiga Sirdaryo viloyati IIB va DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida chek qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, guruh a’zolari Internetning Telegram messenjerida virtual kanal tashkil qilib, u orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarini targ‘ib qiluvchi audio va videomateriallarni tarqatib kelganlar.

Foto: Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati

Mazkur jinoiy guruhning Mirzaobod tumani va Yangiyer shaharlarida yashovchi 20 nafar a’zosi qo‘lga olingan. Mazkur shaxslarning yashash manzillaridan ekstremistik mazmundagi materiallar protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.