Uzbekistan Airways Milliy aviakompaniyasi Hindistonda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan 18 iyundan haftaning juma kunlari amalga oshirilayotgan Toshkent-Dehli-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni bekor qiladi, deya xabar berdi aviatashuvchi matbuot xizmati.

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq qabul qilindi.

Yo‘lovchilarga bekor qilingan qatnov aviachiptasi uchun pul mablag‘larini qaytarib olish taklif etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways 5 martdan Hindistonga doimiy qatnovlarni qayta tiklagan, Toshkent-Dehli-Toshkent reysi haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshirilayotgan edi.

10 maydan boshlab O‘zbekiston Hindistonga borishda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlashuvi sababli cheklovlar o‘rnatdi. O‘zbekiston fuqarolari ushbu mamlakatga faqat xizmat safari, o‘qish va davolanishga, shuningdek diplomatlar va ularning oila a’zolari borishlari mumkin.

Hindiston koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda qolmoqda. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 29,5 milliondan oshgan, 16 iyunda 67 208 yangi holat qayd etilgan.