Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyun kuni sog‘liqni saqlash va kommunal xizmat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Xidoyatov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Tataristonning «KER-Holding» kompaniyasini jalb qilgan holda qozonxonalarni modernizatsiya qilish rejalari haqida so‘zlab berdi.

«Hozirgi kunda eng asosiy masala — issiqlik ta’minoti. Bizni qozonxonalarimiz 1970 yillarda tashkil topgan. Hozirgi kunga kelib, ularni modernizatsiya qilish kerak edi. Lekin buni modernizatsiyani yaxshi yo‘lga qo‘ygan davlatlar bilan amalga oshirishimiz, ko‘p ish o‘rganishimiz kerak. Qozon shahrida nafaqat Tatariston, balki Rossiya, qo‘shni hamda Yevropa davlatlarida ham bu loyihani amalga oshirgan „KER-Holding“ bor», — dedi u.

Bundan tashqari, ushbu holding O‘zbekistonda kogeneratsiya tizimlarini ham o‘rnatish bilan shug‘ullanadi.

«[Kogeneratsiya tizimi] gazdan foydalanib ham elektr energiya ishlab chiqaradi, ham issiqlik beradi. Shuning hisobiga aholiga beradigan issiqligini arzonlashtirib beradi, elektr energiyada ham uzulish bo‘lmaydi», — dedi vazir.

Kogeneratsiya — elektr va issiqlik energiyasining birgalikda hosil bo‘lishi jarayoni. Ushbu tizimda gaz turbinasi birlamchi energiyasi (yoqilg‘i) bilan harakatga keltiriladi va uzluksiz ravishda har xil ikkilamchi energiya (elektr, bug‘, va boshqalar) ishlab chiqariladi. Gaz turbinali kogeneratsiya tizimi yordamida umumiy energiya samaradorligini oshirgan holda, yoqilg‘ining yonishi orqali birlamchi va turli xil ikkilamchi energiya olinadi.

Sherzod Xidoyatovning ma’lum qilishicha, «KER-Holding» bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga ham erishilgan.


«Gazeta.uz»ga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, «KER-Holding» bilan hamkorlikda Toshkentning Bektemir tumanidagi «Toshissiqquvvati» korxonasining 91 ko‘p qavatli uy (3961 ta xonadon) va 39 ta ijtimoiy obyektlarga xizmat ko‘rsatuvchi «Vodnik» qozonxonasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Isitish tarmoqlarining umumiy uzunligi 21,8 kmni tashkil etadi.

Tahminan 42 mln dollarga baholanayotgan loyiha doirasida 130 dona individual issiqlik punktlarini o‘rnatish ($3 mln), 10 km issiqlik tarmoqlarini almashtirish ($11 mln), 30 Gkal qozonxonani modernizatsiya qilish ($5 mln) va kogeneratsiya tizimini joriy qilish orqali 20 MVt quvvatga ega gaz turbinasini o‘rnatish — ($23 mln) ko‘zda tutilgan.

Buning natijasida har yili 2,1 mlrd so‘mni tejash kutilmoqda.

«KER-Xolding» — bu energetika, neft kimyosi va neftni qayta ishlash, metallurgiya, mashinasozlik va neft-gaz sanoati sohasida muhandislik, ta’minot va qurilish boshqaruvining barcha siklini pudratchi sifatida amalga oshiradigan injiniring kompaniyasi hisoblanadi.