2021 yilning yanvar — may oylari davomida 15 816 ta mulk va mulkiy huquqlar realizatsiya qilish uchun «E-auksion» elektron savdo maydonchasiga chiqarildi.

Ushbu davrda boshlang‘ich narxi 422,8 mlrd so‘mlik 11 918 ta mulk 570,6 mlrd so‘mga realizatsiya qilindi, deb xabar bermoqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

Mulk va mulkiy huquqlarni sotib olgan ishtirokchilar belgilangan muddatda 3,4 trln so‘m miqdorida investitsiya kiritish majburiyatini qabul qilib olgan.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilning besh oyi davomida «E-auksion» elektron savdo maydonchasi orqali 58,8 ming gektar yer maydoni realizatsiya qilingan. Auksionlarda 45 875 nafar ishtirokchi qatnashgan.

Ushbu muddat davomida:

  • 127 ta davlat mulki obyekti va davlat ulushlari;
  • 235 ta boshlang‘ich narxi 1 so‘mlik binolar;
  • 4260 ta tadbirkorlik faoliyati uchun;
  • 64 ta ko‘p qavatli turar joy qurish uchun;
  • 3283 ta yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari sotildi.

Bundan tashqari, 1736 ta davlat mulki obyektlari hamda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi 19 ta bo‘sh konturlar ijaraga berilgan.

Foto: Davaktiv matbuot xizmati.

Shuningdek, 122 ta noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qa’ri uchastkalari hamda 14 ta strategik turdagi foydali qazilmalarni qazish huquqi, 414 ta tashqi reklama obyektlarini o‘rnatish huquqlari realizatsiya qilindi.

Davaktiv agentiligi matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda savdo maydonchasida 22 mingdan ortiq mulk va mulkiy huquqlar savdoda turibdi. «Bular 252 ta davlat aktivlari, 1661 ta ijaraga davlat mulki, 17,7 ming yer uchastkalari, 560 ga yaqin tashqi reklama obyektlarini o‘rnatish huquqi», deyiladi xabarda.