«Uzbekistan Airways» aviachiptalari narxi chet el aviakompaniyalari chiptalarining narxidan 36 foizdan 148 foizgacha qimmat qilib belgilangani aniqlandi.

Bu Senat tomonidan mamlakatda aviachiptalar narxlari haddan ziyod qimmatligi va bunga sabab bo‘lgan asosiy omillarni o‘rganish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuborgan senator so‘rovi natijalarida aks etgan.

Antimonopol qo‘mita o‘rganishlariga ko‘ra, aviakassalarda «Uzbekistan Airways» AJ tomonidan mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda mavjud barcha tariflar haqidagi ma’lumotlar iste’molchilarga to‘liq yetkazilmagan.

Shuningdek, «Uzbekistan airways» Toshkent-Moskva bir tomonlama yo‘nalishda chiptalar «bagajsiz ekonom» sinfida 131 yevrodan 211 yevrogacha, «ekonom» sinfida 145 yevrodan 335 yevrogacha, «biznes» sinfida 642 yevrodan 862 yevrogacha etib belgilagan bo‘lsada, aviakompaniya arzon narxlardagi aviachiptalarni sotuvga chiqarmagan.

Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida «Uzbekistan Airways» tomonidan mahalliy yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlar boshqa davlatlardagi narxlardan qimmatligi, xususan, aviakompaniya belgilagan narxlar xorijiy aviakompaniyalarning narxlaridan o‘rtacha 36 foizdan 148 foizgacha yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi, deyiladi xabarda.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha aniq misollar ham keltirilgan. Toshkent-Urganch (uchish vaqti 1 soat 15 minut) yo‘nalish bo‘yicha «bagajsiz ekonom» sinfidagi chipta narxi o‘rtacha 41 yevro etib belgilangan.

Huddi shu xizmat Rossiyada (Sankt-Peterburg-Moskva — yo‘nalishi 1 soat 30 minut) o‘rtacha 27 yevroni tashkil etadi. Bundan ko‘rish mumkinki, «Uzbekistan Airways» AJ tomonidan parvoz uchun belgilangan narx 56 foizga qimmat.

«Uzbekistan Airways» AJning ushbu yo‘nalish bo‘yicha «Ekonom» sinfidagi aviachipta narxi Qozog‘istondagi aviakompaniyadagi narxlardan 40 foizga, Turkiyadagi aviakompaniya narxlaridan esa 146 foiz qimmat ekanligi aniqlandi.

Shuningdek, Turkiya davlatidagi ichki yo‘nalishlari bo‘yicha «ekonom» sinfidagi tariflar O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan ichki «bagajsiz ekonom» tariflaridan o‘rtacha 42 foizga arzon ekanligi aniqlandi.

«Bu kabi aviatashish xizmatlari bozorida qimmat narxlarni ushlab turish sabablaridan biri raqobat muhiti rivojlanmaganligi deyish mumkin. Chunki, aviakompaniyalar soni qanchalik kam bo‘lsa iste’molchilarga bildiriladigan takliflar ko‘lami kamayib, iste’molchilarda aviachiptalarga bo‘lgan talab (ehtiyoj) ortadi. Tabiiyki buning natijasida erkin raqobat muhiti buzilishiga olib keladi. Bu esa bozor iqtisodiyotidagi talab va taklif qonuniyatini buzadi», deyiladi Senat xabarida.

Bunga misol tariqasida quyidagilar keltirilgan:

  • Toshkent — Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 7 marta muntazam reyslar mavjudligiga qaramay faqat 2 ta — «Uzbekistan Airways» va «Air Astana» aviatashuvchilari;
  • Toshkent — Moskva yo‘nalishida ham 2 ta — «Uzbekistan Airways» va «Aeroflot» aviakompaniyalari to‘g‘ridan — to‘g‘ri parvozlarni amalga oshiradi.

Shuningdek, Antimonopol qo‘mita mazkur yo‘nalishlarda raqobatning rivojlanmagani, aviatashuvchi kompaniyalar o‘rtasida kelishib qilinadigan harakatlarni sodir etishga zamin yaratadi, degan fikrda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yuqoridagi muammolarni bartaraf etish va kelgusida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Transport vazirligiga bir qator takliflar yuborgan. Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan ushbu takliflarning ijrosi nazoratga olingani aytilmoqda.