O‘zbekiston tomonidan Xatlon viloyatining Ko‘bodiyon tumanida beg‘araz yordam tariqasida tibbiyot majmuasi, Tojikiston esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida maktab qurib berdi.

O‘zbekiston prezident tojikistonlik hamkasbi bilan birga, ikki viloyatda barpo etilgan ijtimoiy obyektlarning rasman ochilish marosimida qatnashgan.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start berdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston bunyod qilgan shifoxona 250 o‘ringa mo‘ljallangan (hozirda 200 koyka bitgan, yana 50 ta koyka qurilyapti) bo‘lib, bu yerda yiliga 75 ming nafar bemor davolanish imkoniga ega.

«O‘zbekiston24» telekanali репорtaжига ko‘ra, shifoxonada jarrohlik, urologiya, ko‘z xastaliklari, intensiv davolash va reanimatsiya, pediatriya, travmatologiya, ginekologiya, homiladorlik patologiyasi, tug‘ruqdan keyingi tiklanish va terapiya bo‘linmalari mavjud.

Ko‘bodiyon tumanidagi tibbiyot majmuasi bosh shifokori Xolmurod Oymatovning so‘zlariga ko‘ra, bu hududda zamonaviy shifoxonaga juda katta ehtiyoj bo‘lgan.

«Bu yerni aholisi Dushanbega, 180−200 km uzoqlikdagi muassasalarda kompyuter tomografiyasiga tushib kelishi kerak bo‘lardi. Ba’zi bemorlarimiz borki, uzoq yo‘lga sog‘ligi ko‘tarmaydi. Bu shifoxona nafaqat Ko‘bodiyon tumaniga, balki qo‘shni hududlarga ham, 400 mingdan ortiq aholiga xizmat qiladi», — dedi bosh shifokor.

Shuningdek, majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.


Tomografiya. Foto: Videodan lavha.

Xolmurod Oymatovning aytishicha, tomografiya uskunasi shifoxonadagi eng qimmatbaho va yirik tuhfa hisoblanadi. «Bu bilan odam organizmidagi qariyb hamma kasalliklarga tashhis qo‘yiladi. Bir kunda 30 tagacha bemorni tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyati bor», — dedi u.

Tojikiston tomonidan esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 154-umumta’lim maktabi barpo etildi.

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 154-maktab. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Maktabning uch qavatli binosida 26 ta sinf, sport zali, faollar zali, oshxona, kutubxona, mehnat darslari va ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar uchun sinflar mavjud. O‘quv maskani kompyuter texnikasi va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan.