O‘zbekiston Qirg‘izistonning Botken tumanidagi Samarqandek va Leykek tumanidagi Marg‘un qishloqlarida maktablar quradi. Bu haqda Kloop`ga Botken viloyati Vazirlar Mahkamasi vakolatxonasi matbuot kotibi Azatbek Qurbonbekov ma’lum qildi.

Qurbonbekovning so‘zlariga ko‘ra, 7 iyun kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ish safari davomida Botken viloyatining Qadamjoy shahriga tashrif buyurgan.

Qo‘shni mamlakatdan kelgan mehmonlarni Botken viloyati rahbari Abdikarim Alimboyev kutib oldi va tomonlar o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga kelishib oldilar.

Qurbonbekov ta’kidlashicha, O‘zbekiston delegatsiyasi Samarqandek va Marg‘un qishloqlari aholisi va maktab o‘qituvchilari bilan uchrashdi. Shuningdek, ular kelajakdagi yangi maktablar quriladigan joylar bilan tanishdilar.

«Samarqandek shahridagi Sagin Kojobayev nomidagi maktab-internat yonida 400 o‘rinli yangi maktab quriladi. Chunki ushbu muassasa 1951 yilda qurilgan va hozirda eskirgan. Marg‘un qishlog‘idagi M.Baetov nomidagi o‘rta maktab ham ta’mirga muhtoj, bino ancha eski. U yerda 300 o‘rinli yangi maktab quriladi», — dedi Qurbonbekov.

Viloyat ma’muriyati maktablar 2021 yilda — yangi o‘quv yiliga qadar foydalanishga topshirilishini haqida ma’lum qildi.

Avvalroq, O‘zbekiston ko‘magi bilan Qadamjoy tumanida 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilgan edi.