«Gazeta.uz» avvalroq 2021 yil martidan tadbirkorlarga yo‘llarda foto va video registratorlar o‘rnatishga ruxsat berilishi haqida xabar bergan edi. Ya’ni registratorlar o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga bunday joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi.

E-auksion matbuot xizmatining xabar berishicha, yaqinda bunday lotlarning birinchisi auksionga qo‘yildi. Ushbu yer Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida joylashgan bo‘lib, u yerda 4 ta videokamera va 2 ta statsionar radar o‘rnatilishi belgilangan.

Foto: E-auksion

Yaqinda boshqa boshqa hududlardan ham bunday huquqlarning savdoga chiqarilishi ko‘zda tutilgan. 2021−2022 yillarda tadbirkorlarni jalb qilish orqali mamlakatda 3356 ta videokamera va 763 ta radar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.