29 maydan boshlab Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi vakillari, ichki ishlar organlari, poytaxt Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan «Andijon muzqaymoq» sotuvchilariga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda.

Zo’r TV telekanali reportajida ma’lum qilinishicha, reydlar davomida 132 ta konteynerdagi 1 tonnadan ziyod muzqaymoq tarkibida ichak tayoqchalari va oltinrang stafilokokk aniqlangani sababli iste’molga yaroqsiz deb topildi.

Toshkent Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi vakili Feruza Xo‘jayevaning aniqlik kiritishicha, muzqaymoq sotuvchilari tomonidan taqdim etilayotgan hujjatlar Andijonning Jalaquduq tumanidagi muzqaymoq ishlab chiqaruvchisiga berilgan gigiyena sertifikati va muvofiqlik sertifikati nusxalari hisoblanadi.

«Bu sertifikat ishlab chiqaruvchi uchun, muzqaymoq sotishga ruxsatnoma emas», — deydi u.

Zo’r TV telekanalining qayd etishicha, shu vaqtga qadar «Andijon muzqaymoq» mahsulotlaridan kasallanish holatlari kuzatilmagan.

Muzqaymoq sotuvchilardan biri har bir sotilgan muzqaymoqdan 800 so‘mga yaqin daromad olayotganini aytdi.

Avvalroq, Intellektual mulk agentligi matbuot xizmati «Andijon muzqaymoq» brendi ro‘yxatdan o‘tganini e’lon qilgandi.