Sergeli — Qo‘yliq yerusti metrosi qurilishi atrofidagi 785 ta daraxt boshqa joyga ko‘chiriladi. Bu haqda 2 iyun kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Tabiiyki, ulkan bunyodkorlik maydonida qaysidir daraxt yoki butani ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Yana bir tomoni — hamma daraxtlarni ham ko‘chirib bo‘lmaydi.

«Sergeli-Qo‘yliq yo‘nalishida metro qurilishida ana shunday holat yuzaga kelganda qanday tartib amal qilishi O‘zbekiston prezidentining joriy yil 23 aprelda Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy korxonalar faoliyati, shuningdek, mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish jarayonida bergan topshiriqlari bayonida ko‘rsatib o‘tilgan», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, mazkur hududda joylashgan o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ko‘chirishga, ko‘chirish imkoni bo‘lmaganda, istisno tariqasida kesishga ruxsat berilgan.

«Bunda, moratoriy talablaridan kelib chiqib, kesiladigan har bir daraxt uchun kompensatsiya sifatida 10 tup qimmatligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan ko‘chatlarni ekish va ularni ikki yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi», — deya qo‘shimcha qiladi Ozod Rajabov.

Qayd etilishicha, davlat ekologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi mutasaddilari va ekolog-inspektorlari qurilish rejalashtirilgan katta hududdagi daraxtlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazgan.

Ta’kidlanishicha, yerusti metrosining Mirobod tumanidan o‘tadigan qismida 66 ta, Sergeli tumanidan o‘tadigan qismida 168 ta, Yangihayot tumanidan o‘tadigan qismida esa 551 ta (jami 785 ta) daraxt borligi aniqlangan.


«Bularning orasida safora, terak, archa, tut, yong‘oq, o‘rik, eman, shumtol, qayrag‘och, chinor singari daraxtlar bor. Ularni qayerga ko‘chirish mahalliy tuman hokimliklari bilan, qanday ko‘chirish esa biolog olimlar bilan maslahatlashilmoqda. Maqsad bitta — imkon qadar barchasini saqlab qolishdan iborat», — deydi Ozod Rajabov.

Shuningdek, u kesilgan daraxtlarning yog‘och xomashyosi Obodonlashtirish boshqamasi balansiga o‘tkazilishini ta’kidlagan. Shundan keyin yog‘ochni yo hunarmandlarga taqdim etish, yoki boshqarmaning zaruriy ehtiyojlari uchun ishlatish rejalashtirilishini qayd etgan.

«Bu ishlarning hammasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspektorlarining doimiy nazorati ostida olib boriladi», — deydi qo‘mitasi axborot xizmati.