Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Davlat rahbari Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida ochiladigan yangi tadbirkorlik subyektlarini yer, mol-mulk, kichik korxona aylanmasidan olinadigan soliqlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan 2024 yil 1 yanvarga qadar ozod etishni taklif qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Bundan tashqari, viloyatdagi tog‘li va yerlari sho‘rlangan hududlarda yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlarini ham, 2024 yil 1 yanvarga qadar yuqoridagi soliqlardan ozod qilish hamda foyda solig‘i stavkasini 2 barobarga kamaytirishi kerakligi ta’kidlandi.

Qo‘chqorov, Umurzoqov, Bobolovga bir oy muddatda ushbu imtiyozlar bo‘yicha Soliq kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritish va ularni 1 iyuldan qo‘llash to‘g‘risidagi Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirig‘i berildi.

«Tadbirkorlarni soliq bilan bo‘g‘maylik, agar u yo‘lga tushib olsa, soliq shundoq ham tushadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.