Surxondaryo viloyatida infratuzilmani yaxshilash uchun 1 trillion 900 milliard so‘m mablag‘ ajratilyapti, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. Bu haqda prezident Surxondaryo viloyatida jamoatchilik vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan yig‘ilishda ma’lum qilgan.

Prezident yig‘ilish ochiq bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, mahalliy kengash deputatlariga muammolar haqida aytishlarini so‘radi.

«Do‘st bo‘lsangiz, muammolarni aytinglar. Biz ularni eshitib, hal qilgani kelganmiz. Janob Prezident bugun shu masalani hal qilib bering, xalqimizga qiyin desangiz, biz shunga e’tibor qilamiz. Albatta, hammasini birdaniga hal qilish qiyin, ammo birinchi navbatda ko‘rib chiqamiz, yechimini topamiz. Surxondaryo viloyatida infratuzilmani yaxshilash uchun 1 trillion 900 milliard so‘m mablag‘ ajratilyapti. Deputatlar qayerga yo‘l, qayerga bog‘cha bo‘yicha aniq takliflar bilan chiqsin», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari 4 ta sektor rahbarlarining odamlar oldidagi mas’uliyatini oshirish haqida ham ta’kidladi.

«Sizlar o‘z hududingizdagi muammoni bilmaysizmi? Dod deganlarning uyiga boringlar, yaxshidan ko‘ra, yomonning uyiga boringlar, ularning tilidan eshitinglar, ko‘ringlar va ular tushunadigan tilda gapiringlar. Kabinetga qorovullik qilish o‘rniga odamlar oldiga, uyiga borib muammolarni hal qilish kerak. Yoshlar, xotin-qizlar, temir daftar bo‘yicha ishlash kerak», — dedi prezident.