2 iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati.

Qasim-Jomart Toqayev ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holatiga ijobiy baho berib, dolzarb muammolar oldida yuqori barqarorlikni namoyish etilayotganini qayd etib o‘tdi.

«Biz birodar qo‘shni O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz, buni Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning juda muhim omili deb bilamiz», — dedi Qozog‘iston davlat rahbari.

akorda.kz

Abdulla Aripov Qozog‘iston tomonidan yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilganini qayd etib, mamlakatlar hukumatlari ushbu marralarni zabt etish yo‘lida qat’iy qaror qilganliklarini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Qozog‘iston prezidenti O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni II darajali darajali «Do‘stik» ordeni bilan taqdirladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 24 may kuni prezident farmoniga ko‘ra, Abdulla Aripov ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda 60 yoshga to‘lgani munosabati bilan «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan edi.