O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati juma kuni bo‘lib o‘tgan 15-yalpi majlisda kelinlarning farzandlari bilan turmush o‘rtog‘ining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasligi muhokama qilindi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Senator Murtazo Rahmatovning ta’kidlashicha, kvartirani sotishda ularning roziligi talab qilinmasligi sababli kelinlar farzandlari bilan ko‘chada qolishlari mumkin.

Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov bu kabi holatlar ayniqsa Toshkentda uchrab turishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelinlarda propiska yo‘qligi sababli ajrimlar vaqtida va da’vo talablari yuzaga kelganida ularning haq-huquqlari kamsitilmoqda.

Adliya vaziri o‘rinbosari muammoning ikkinchi tomoni sifatida mulk egasi o‘zining mulkini erkin tasarruf eta olmay qolayotganini ta’kidladi.

«Ayrim holatlarda mulk egasi o‘zining mulkini erkin tasarruf eta olmayotgani holatlari ham mavjud. Bizning qonunchilikda ajrimdan keyin uydan majburiy tartibda chiqarib yuborish degan qoida yo‘q. Agar kelin o‘sha xonadonga ajrimdan keyin ham har olti oyda bir kelib-ketadigan bo‘lsa, buni qo‘shnilar, guvohlar tasdiqlaydigan bo‘lsa, uy egasi uyini sotish masalasida albatta uning roziligini olishi kerak», — dedi u.
Alisher Karimov bu masalani jumda ham muammoli, kazusli deb atadi. Adliya vazirligi ushbu masalani yana qo‘shimcha ravishda o‘rganib chiqadi va huquqiy baho beradi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva prezidentning oila qonunchiligini ayollarning manfaatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish to‘g‘risidagi topshirig‘ini eslatib o‘tdi.

«Muls egasi — mulk egasi, lekin ayol kishi hech qachon ko‘chada farzandlari bilan uysiz-joysiz qolishi mumkin emas», — dedi u.

Mazkur masala 2018 yil oxirida ham ko‘tarilgan edi. O‘shanda bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari ravozimida ishlagan Tanzila Narboyeva ko‘plab holatlarda kelinlarni turmush o‘rtog‘ining uyiga propiskaga qo‘yish masalasi qasddan ortga surilayotganini ta’kidlagan edi. U qonunchilikka kelin yangi uyda yashashni boshlashi bilanoq uni propiskaga qo‘ymagan oila a’zolari javobgarligini oshirishga oid me’yorni kiritish taklif qilgandi.

«Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqaro qayerdaki vaqtincha yashasa ham, propiskaga qo‘yilishi lozim. Biroq propiskaga qo‘yishni to‘sqinlik qilayotgan qaynonalar uchramoqda. Ular: bir oz vaqt o‘tsin, birga yashasin, deydi va propiskadan o‘tkazmaydi. Mavjud mexanizmni takomillashtirish lozim», — degan edi Tanzila Narboyeva.

Bosh vazir Abdulla Aripov bunga javoban Adliya vazirligini yosh oilalarni propiskadan o‘tkazish mexanizmlari ishlamayotgani uchun tanqid qilgandi.