29 may kechasi Yevropa Chempionlar ligasining final uchrashuvi o‘tkaziladi. O‘yin oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

Foto: uefa.com

«Manchester Siti» — «Chelsi» (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da)

Jamoalarning milliy chempionatlardagi natijalari: «Manchester Siti» jamoasi Angliya chempionatida ushbu mavsum chempion bo‘ldi. Jamoa 38 o‘yinda 86 ochko to‘pladi va eng yaqin ta’qibchisidan 12 ochko oldinga o‘tib ketib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ular APLdagi so‘nggi o‘yinini 23 may kuni o‘z maydonida «Everton»ga qarshi o‘tkazishdi va 5:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

«Chelsi» esa 38-turdan keyin 67 ochko bilan turnir jadvalida 4-o‘rinni egalladi. Londonliklar so‘nggi turda «Aston Villa» mehmoni bo‘ldi va 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Jamoa 38-turgacha 3-o‘rinni egallab turgandi, lekin ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng 4-pog‘onaga tushib qoldi va APLni shunday natija bilan yakunladi.

Finalga qanday yetib kelishdi?

«Manchester Siti» C guruhida 5 g‘alaba va 1 durang qayd etib, 16 ochko bilan 1-o‘rinni egallab nimchorak finalga yo‘l oldi. Bu bosqichda esa ularga «Borussiya Myonxengladbax» duch keldi. Har ikki o‘yinda ham 2:0 hisobida g‘alabaga erishgan manchesterliklar chorak final bosqichiga chiqdi. Ushbu bosqichda esa «shaharliklar»ga Dortmundning «Borussiya"si duch keldi. «Manchester Siti» har ikki o‘yinda ham bir xil 2:1 hisobida g‘alabaga erishib, yarim finalga yo‘l oldi. Ushbu bosqchida manchesterliklar «PSJ»ni dastlabki uchrashuvda 2:1, javob o‘yinida esa 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi.

«Chelsi» YeCHLning E guruhida ishtirok etib, 14 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi hamda nimchorak finalga yo‘l oldi. Mazkur bosqichda «Atletiko Madrid» raqibi bo‘lgan jamoa dastlabki o‘yinda 0:1, javob uchrashuvida esa 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final ishtirokchisiga aylangan edi. Ushbu bosqichda ular «Portu»ga qarshi kuch sinashishdi. Ilk o‘yinda 0:2 hisobida g‘alaba qozongan jamoa, javob uchrashuvida o‘z maydonida 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Yarim finalda «Chelsi» jamoasi «Real Madrid»ga duch keldi. Ispaniyada bo‘lgan ilk o‘yinda 1:1 hisobidagi durang qayd etildi, javob uchrashuvida londonliklar 2:0 hisobida g‘alabaga erishishdi.

O‘zaro o‘yinlar: Jamoalar shu kunga qadar o‘zaro 167 bor kuch sinashib, ulardan 68 tasida «Chelsi», 59 tasida «Manchester Siti» g‘alaba qozongan. 40 ta o‘yinda esa durang natija qayd etilgan. Ma’lumot uchun, jamoalar yevrokuboklarda umumiy 2 bor kuch sinashishgan va ularning ikkisida ham «Chelsi» g‘alabaga erishgan.

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

Manchesterliklar safida Fil Foden YeCHLning ushbu mavsumida 12 o‘yinda maydonga tushib, jami 976 daqiqani maydonda o‘tkazgan. Raqiblar darvozasiga 3 marta gol urib, 3 marta asistentlik qilgan.

«Chelsi» safida YeCHL doirasida Timo Verner 11 bor maydonga tushib, 617 daqiqa maydonda bo‘lgan. U o‘ziga berilgan imkoniyatdan 4 marta gol urgan bo‘lsa, 2 marta golli uzatmani amalga oshirgan.

Uchrashuv qayerda o‘tkaziladi?

Foto: uefa.com

Koronavirus pandemiyasi sharoitida Turkiyadagi karantin choralari sababli Yevropa chempionlar ligasining final uchrashuvi Istanbulda o‘tmaydigan bo‘ldi. UEFAning qaroriga ko‘ra, final bahsi Portugaliyaning Portu shahridagi «Dragau» stadioniga ko‘chirildi.

Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» — «Chelsi» uchrashuvi 29 may kuni Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.