25 may kuni ertalab Qoraqalpog‘istonning «Jasliq» qishlog‘i yaqinida ikki brakoner «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i inspektorlariga qurol bilan tahdid qilib, hujum qilishdi deya Davlat ekologiya qo‘mitasi tuzilmasidagi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov «Gazeta.uz» ga xabar berdi.

Voqea tafsilotlari

24 may kuni «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i direktorining buyrug‘i bilan uchta park inspektori va Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi inspektori Qo‘ng‘irot viloyatidagi Ustyurt tekisligiga tekshiruvga jo‘nab ketishadi.

Ekologiya davlat qo‘mitasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, soat 13:30 atrofida ular qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan mototsikldagi ikki ovchini ko‘rib qolishadi. Ovchilar keskin burilib, sharqqa qarab harakatlanishgan. Inspektorlar ularni ta’qib qilishni boshlashadi, taxminan 5−6 km masofadan keyin brakonerlardan biri transport vositasini tashlab, aravali boshqa mototsiklga o‘tadi. Shu zahoti u ov miltig‘ini chiqarib, inspektorlarning mashinasiga o‘q uzaman deb qo‘rqitishni boshladi, deb ta’kidladi Abdurashid Sodiqov.

Xodimlar masofani saqlagan holda ta’qibni davom ettirishadi. Bu vaqtda brakonerlardan biri otilgan jayronlarni yo‘lga uloqtira boshlaydi. 20−25 km o‘tgach, ikkinchi mototsikl ham to‘xtaydi. Ovchilardan biri sherigining boshiga miltiq tiraydi va qo‘mita xodimlari «to‘satdan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarning oldini olish maqsadida» burilib, jo‘nab ketishadi. Yo‘lda ular «Qizil kitob» ga kiritilgan 11 hayvonning go‘shti va huddi shuncha juft jayron shoxini yig‘ib, bayonnoma tuzadilar. Taxminan 20:15 da, ular voqea to‘g‘risida parkning direktoriga telefon orqali xabar berishadi.


Xuddi shu kuni uning topshirig‘i bilan park direktori o‘rinbosari, Orol dengizi tabiatini muhofaza qilish prokurori yordamchisi, Milliy gvardiya xodimi va Qo‘ng‘irot tumani IIB tezkor xodimi inspektor va boshqa xodimlar bilan ikkita mashinada («Niva» va «UAZ») voqea joyiga borishadi.

Ertasi kuni ertalab, taxminan soat 04:30 da, tashlab ketilgan birinchi mototsikl topiladi va «Niva» yukxonasiga yuklanadi. Mashina tumanga qaytib ketadi, ikkinchi mashina esa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va inspektorlari bilan ovchilarni izlash uchun «Jasliq» qishlog‘iga yo‘l oladi.

«Niva»da Qo‘ng‘irot tumaniga qaytayotgan inspektorlar soat 10:00 atrofida ikkinchi mototsiklni topib, mashinaga ulashgan. Shu payt ularning qarshisidan qurol ko‘targan ovchilar chiqib kelishadi, deydi Abdurashid Sodiqov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular ikkita inspektorga tahdid qila boshlaganlar va mashinaning yukxonasiga o‘tirishga majbur qilishgan. Ovchilardan biri inspektorni rulga o‘tqazib, unga qurol tiragan va qishloqqa borishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Jasliq» dan taxminan 25 km uzoqlikda mashinani to‘xtatib, ovchilar ikkala mototsiklni yoqib yuborgan, otvyortka bilan mashinaning barcha g‘ildiraklarini teshgan va inspektorlarning telefonlarini olib qo‘yishgan.

Inspektorlar mahalliy aholidan telefon so‘rab, Milliy tabiat bog‘iga qo‘ng‘iroq qilishgan. Voqea joyiga Qo‘ng‘irot viloyati prokurorining o‘rinbosari, tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, bo‘lim tergovchisi va tezkor xodimlari, Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligining mutaxassisi yetib kelgan.

Keyinchalik, brakonerlar hibsga olingan. Orol dengizi atrof-muhitni muhofaza qilish prokuraturasi ushbu voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektorlar maqomini Ichki ishlar vazirligi xodimlari darajasiga ko‘tarish va avtoulovlarga «miltillovchi chiroqlarni» berish kerakligini ta’kidladi.

«Qurol sotib olish bizga qiyin. Aslida bizda qurol bo‘lishi kerak. Bu haqda Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildik», — dedi Abdurashid Sodiqov.