Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov Kun.uz nashriga bergan intervyusida korrupsiyaga qarshi kurashga baho berdi.

«10−11 oy davomida hukumat tomonidan, davlat rahbari boshchiligida davlat idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni, sa’y-harakatlarini 10 ballik tizimda baholash kerak bo‘lsa, qo‘rqmasdan 8 ball bergan bo‘lardim. Harakatlarimizni agar tahlil qiladigan bo‘lsak bemalol shunday desak bo‘ladi», — deydi u.

Akmal Burxonov prezident selektor yig‘ilishlarida, u yoki bu tadbirda qatnashganida, albatta, eng kamida 10 ta yig‘ilishda korrupsiya masalasiga to‘xtatilishini ta’kidladi.

«Qurilish sohasimi, ta’lim sohasimi, davlat xizmatimi yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘ladimi, albatta, o‘sha joydagi korrupsiyani oldini olish kerakligiga alohida urg‘u beriladi. Qabul qilinayotgan qaror, farmonlar e’tibor qilayotgan bo‘lsak qonun hujjatining ta’sir etishini baholashda korrupsiyaviy xavf-xatarlar inobatga olinadi», — deb aytib o‘tdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari.

Akmal Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, agentlikning eng katta yutug‘i — ochiqlik siyosati. «Ikkinchisi, o‘tgan yilda qabul qilingan ikkita muhim hujjat: birinchisi davlat byudjetining ochiq bo‘lishiga qaratilgan [hujjat]. Endi davlat idoralari 2021 yildan boshlab o‘zlarining davlat byudjetidan olgan har bir summasini jamoatchilikka ochiq e’lon qilishi shart. Ikkinchisi esa, davlat xaridlarini to‘g‘ri tartibga soluvchi davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunning yangi tahrirda qabul qilinganligi. Bu bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Burxonov davlat xizmatida, litsenziya, ruxsatnomalar berilishida inson omilining kamaytirilishi haqida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab o‘ttizdan ortiq litsenziyalar tamomila bekor qilingan, ellikdan ortiq turli xil ruxsat beruvchi tartib-taomillar soddalashtirilgan. «Bu ham korrupsiyaning oldini olishga qo‘yilgan katta qadamlardan, deb aytsa bo‘ladi», — deydi agentlik rahbari.

Akmal Burxonov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida korrupsiya darajasi mamlakat taraqqiyoti va demokratiyasining ko‘rsatkichi hisoblanishini ta’kidlagan edi.