26 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining axboroti eshitilgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda 1,7 million o‘zbekistonlik chet elda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilmoqda.

«Mamlakat aholisining 55 foizdan ortig‘i yoshlardan iboratligi hamda yiliga mehnat bozoriga 600 mingga yaqin ishchi kuchi kirib kelayotgani mazkur muammoning naqadar muhimligidan dalolat beradi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 21 may kuni Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida migrantlar masalasiga alohida urg‘u berilgani, shu kunning o‘zida Rossiyada «O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyadagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari» mavzusida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya forumi ham migratsiya masalasining mintaqadagi ahamiyatini belgilab berishi ta’kidlangan.

Yig‘ilishda aytilishicha, O‘zbekiston YeOIIga a’zo davlatlar ichida mehnat resurslari bo‘yicha Rossiyadan keyingi o‘rinda turadi. Rossiyadagi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar soni bo‘yicha esa O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi.