O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Minsk shahriga tashrif buyurdi. Uning boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi MDH hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda bosh vazirning matbuot xizmati.

Dastlab, mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko qabulida bo‘lgan.

Belta.by nashrining yozishicha, prezident hukumat rahbarlarini qutlar ekan, axboriy hujumlarga qaramasdan Minsk tinch va osoyishta ekanligini aytgan.

«O‘z kuzatuvlarim va menga ayon bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tadbir arafasida ko‘pchiligingiz tet-a-tet (yuzma-yuz) suhbatlashish, munosabat va istiqbollarni aniqlab olish imkoniyatiga ega bo‘lgansiz. Sizlarni Belarus zaminida ko‘rib turganimdan mamnunman. Belarusga asosan internet, telegram-kanallar orqali bo‘layotgan hujumlarga qaramasdan, o‘zingiz ko‘rib turganingizdek, bu yerdagi vaziyat tinch. Minsk har doimgidek tinch va osoyishta, odamlar yashashi uchun qulay shahar», — dedi u.

Foto: Belta.by.

Prezident shuningdek, «har doim yopilib olib, o‘tirib bo‘lmasligini» ta’kidlagan.

«Siz o‘z tashrifingiz bilan har doim yopilib olib, o‘tirib bo‘lmasligi bo‘yicha juda ham muhim misolni ko‘rsatayapsiz. Ochilish, jonli muloqot qilish kerak. Ba’zan, biz faol foydalanishimizga to‘g‘ri kelayotgan, xattoki eng zamonaviy texnik aloqa vositalari ham ishonchli (jonli) muloqotlarimizni o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, munozara uchun ko‘plab malasalalar turganida, va bugun ham ular kam emas», — deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Prezident bilan muloqotdan so‘ng, delegatsiyalar rahbarlari Belarus poytaxtidagi G‘alaba monumentiga gulchambar qo‘ygan.