23 may kuni Belarusda muxolifatchi Nexta Telegram kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. Bu haqda Nexta kanali xabar bermoqda.

Roman Protasevich Afinadan Vilnyusga uchayotgan Ryanair kompaniyasining samolyotida bo‘lgan. Ryanair samolyoti bortida bomba o‘rnatilganligi haqidagi signaldan keyin Minsk aeroportida qo‘nishni amalga oshirgan.

“Pul Pervogo” Telegram kanalining yozishicha, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga vaziyat haqida ma’lum qilingan, u esa “samolyot ortga qaytarilsin va qabul qilib olinsin” deya buyruq bergan. Qayd etilishicha, Lukashenkoning farmoni bilan “yo‘lovchi samolyotiga hamrohlik qilish uchun” osmonga MiG-29 qiruvchi samolyoti ko‘tarilgan.

Nexta ma’lumotlariga ko‘ra, Protasevich parvozdan oldin uni kimdir kuzatayotganini sezgan.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Belarus hukumatidan Nexta Telegram kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevichni zudlik bilan ozod etishni talab qildi.

“Men NATO bo‘yicha ittifoqdoshlarga va Yevroittifoqqa murojaat qilib, ularni Belarus rejimi xalqaro fuqarolik aviatsiyasi uchun solayotgan xavfga tezlikda chora ko‘rishga chaqiraman”, — dedi Nauseda.

2020 yil noyabrida Nexta asoschilari Roman Protasevich va Stepan Putilo (ikkalasi ham o‘sha vaqtda Yevropada yashardi) Belarus KGBsi tomonidan terrorchilik faoliyatiga aloqador jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Nexta Telegram kanalining o‘zi va uning logotipi ayni paytda Belarus hududida ekstremistik materiallar deb tan olingan.