Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda «Huquqiy axborot» Telegram-kanali.

Hujjat bilan, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tugatildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi. Bunda mavjud 197 ta markazlar maqbullashtirilib 29 ta markaz tuziladi.

Respublika markazi va hududiy markazlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanib, unga mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri tavsiyasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.

Markazlarning asosiy vazifalaridan biri tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish hisoblanadi.

Markazlarga zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari hamda o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar joylashtiriladi.

1 iyundan boshlab:

  • himoya orderi nusxasini olgan, ya’ni tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar profilaktik hisobga olinadi;
  • markazlarga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yo‘qotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, «AZIZ-AYOL.UZ» yagona interaktiv milliy platformasi doirasida 24 soat uzluksiz ishlovchi «ishonch telefoni» (respublika doirasida yagona qisqa raqam) tashkil etiladi. U orqali xotin-qizlarga shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatiladi.