«Gazeta.uz» saytida «Bir qadam oldingami? O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishini qanday baholash mumkin» sarlavhasi ostida e’lon qilingan navbatdagi maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ekspertlar hamjamiyati bilan ochiq muloqotga kirishishga tayyor ekanini bildirib, unda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z izohlari bilan o‘rtoqlashishni zarur, deb hisoblaydi.

«NNTlar uylari»

Davlat tomonidan NNTlar, jumladan ijtimoiy yo‘naltirilgan NNTlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ochiq siyosat amalga oshirilmoqda. So‘nggi 4 yil ichida NNTlarni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mazkur soha rivojiga kompleks yondashilayotganidan dalolatdir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida «NNTlar uylari»ni tashkil qilish orqali ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tashabbusi bevosita davlatning o‘zidan chiqqan (PQ-5430-son, 04.05.2018 y.) va bunda NNTlar ehtiyojlarini o‘rganish natijalari hisobga olinganligiga e’tibor qaratish lozim.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri hokimiyatlari oldida turgan «NNTlar uylari»ni tashkil qilish va foydalanishga 2021 yil oxirigacha topshirish, shuningdek ularni zarur ofis jihozlari, mebel, inventar, texnika va boshqa vositalar bilan ta’minlash vazifasi Prezidentimizning 04.03.2021 yildagi PF-6181-son Farmonida ham o‘z aksini topgan.

Bu uchinchi sektorni qo‘llab-quvvatlash masalasi kun tartibidan tushmayotganligini anglatadi.

«NNTlar uylari» kabi fuqarolik instituti yurtimizda fuqarolik jamiyati rivoji va yangicha ijtimoiy muhim tashabbuslar yuzaga kelishi uchun asosiy turtki bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Bugungi kunda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiyasi (O‘zNNTMA)ning Samarqand bo‘limi yangi binosida 50 ta NNTlar joylashtirilgan bo‘lib, ularda samarali faoliyat yuritish uchun muhokama maydonchalari va boshqa sharoitlar yaratilgan.

Kovorking-markazlar

«Yuksalish» umummilliy harakati, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va O‘zNNTMA tomonidan ilgari surilgan kovorking-markazlar, ya’ni fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchrashishi va birgalikda ishlashi uchun bepul maydonchalar tashkil qilish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan 03.03.2021 yildagi PQ-5012-son qarori bilan ma’qullandi.

Shuningdek, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish va fuqarolarni jamoat boshqaruviga jalb qilishga qaratilgan «O‘zbekistonda innovatsiyalar yo‘lidagi sheriklik» dasturi «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida «Yuksalish» harakati negizida video-konferens aloqa texnikasi va turli tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan uskunalar bilan jihozlangan kovorking-markazi ish boshladi. Bu yerda ijtimoiy muhim masalalarga oid seminarlar, treninglar, uchrashuvlar va jamoatchilik muhokamalari tashkil etilmoqda. Kovorking-markaz mustaqil ravishda onlayn ta’lim olish uchun ham keng imkoniyatlar taqdim etmoqda.

Shu bilan birga, Navoiy viloyatining «Do‘stlik va NNTlar uyi»da «To‘maris» ayollar va yoshlar markazi tomonidan joriy yilning fevral oyida NNTlarning samarali faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratuvchi «Kovorking-markaz» loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

«NNTlar uylari» va kovorking-markazlarini ochish bo‘yicha ishlar davom etmoqda, shuning uchun hzirda va kelgusidagi ularning faoliyati bo‘yicha asossiz va yetarli darajada tekshirilmagan bashoratlar qilish noo‘rin.

O‘zNNTMAning «NNT uylari»ga joylashtirishga doir faoliyati

Eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 03.03.2021 yildagi PQ-5012-son qarori bilan O‘zNNTMAga keng jamoatchilik takliflari asosida NNTlarni «NNTlar uylari»ga joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar berish tartibini ishlab chiqish tavsiya etilganligiga e’tibor qaratish lozim.

Albatta, maqolani tayyorlash davomida muallif mazkur masalada O‘zNNTMAga tegishli so‘rov yuborganida maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki, bu holatda muallif O‘zNNTMA tomonidan tashabbuskor NNTlar xohishlarini e’tiborga olish, joylarda NNTlarni rivojlantirish holati bo‘yicha yuzaga kelayotgan vaziyatni o‘rganish, yuqorida qayd etilgan tartibni ishlab chiqish asnosida hududlardan takliflar yig‘ish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani xususida yanada aniqroq xulosaga kelishi mumkin bo‘lardi.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zNNTMA rahbariyati tomonidan joriy yilning mart-aprel oylarida O‘zbekiston bo‘ylab xizmat safarlari amalga oshirilib, joylarda Assotsiatsiya vakillari «NNTlar uylari»ga tashrif buyurdi, «NNTlar uylari» qurilishi bilan tanishdi. NNTlarni «NNTlar uylari»ga joylashtirish bo‘yicha takliflar olinib, ehtiyojlar o‘rganilmoqda.

O‘zNNTMA tomonidan tayyorlangan tartib loyihasi ochiq muloqotlar doirasida kelib tushgan fikrlarni hisobga olgan holda qayta ishlanib, yaqin orada keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

«NNT uylari» qurilishi tugallanib ularda NNTlar joylashtirilgach, ekspertlar hamjamiyatining bu boradagi ko‘plab savollariga javob topiladi.

Grantlarni moliyalashtirish/kelishish

«Kelishish» so‘zi qanday ma’noni anglatmasin, 4 yil avval o‘rnatilgan tartib xorijiy grantlarni olishning yanada erkinlashganligiga xizmat qilmoqda. Mazkur masalada faktlarning o‘zi so‘zlamoqda, ya’ni pul mablag‘lari oqimi 2020 yilga kelib 2017 yildagi ko‘rsatkichdan 12 baravar ortdi.


Bunda NNTlar tomonidan xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan kelib tushgan pul mablag‘lari va mol-mulkdan foydalanish faqatgina ro‘yxatga oluvchi organ bilan ularni olish bo‘yicha kelishilgandan so‘ng hech qanday to‘siqsiz amalga oshiriladi. Grant mablag‘lari NNTning istalgan bank muassasalarida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga kelib tushishi mumkin.

Shu bilan birga, adliya organlari hali biror marta qaysidir NNTga «maqsadga muvofiq emas» degan vaj bilan xorijdan pul mablag‘lari olinishini rad etmaganligini qayd etish joiz. Shuning uchun, bu yo‘l bilan mavjud bo‘lmagan muammolarni sun’iy ravishda bo‘rttirib ko‘rsatish yaramaydi. Har qanday holatda ham davlat NNT faoliyati uchun xorijdan kelib tushayotgan pul mablag‘lari haqida bilish va ularning manbalarini tekshirish huquqiga ega. Bu — inkor etib bo‘lmaydigan aksioma.

Yuqorida qayd etilgan mablag‘larni qo‘lga kiritgan jamoat birlashmalari va jamg‘armalari tomonidan o‘tgan yili 120 dan ortiq loyihalar/dasturlar amalga oshirildi.

Prezidentimizning 03.03.2021 yildagi PQ-5012-son qarori bilan joriy yil 1 martdan NNTlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni xabardor qilgan (ma’lumot uchun) holda xorijiy manbalardan olinadigan pul mablag‘lari va mol-mulkning bir kalendar yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan (4.9 mln.so‘m) yuz baravarigacha (24.5 mln.so‘m) oshirildi.

NNTlarni moliyalashtirishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi

Aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga jalb qilingan ayrim NNTlarda moddiy-texnik baza yetarli emas. Maqsadli kapitalga ega bo‘lgan ayrim NNTlargina o‘z faoliyati davomida yetarli moliyaviy va iqtisodiy mustaqildir. Kichik va o‘rta NNTlarning aksariyati ko‘p jihatdan ko‘lami va vaqti jihatidan holda xususiy filantropik moliyalashtirishga tayanadi.

Jamoatchilik sektori — NNTlarning asosiy rag‘bati daromad olish emas, balki jamoatchilikka foyda keltirishdir.

Bu vaziyatda davlat fuqarolarning ijtimoiy yo‘naltirilgan NNTlarini qo‘llab-quvvatlash orqali jamoat ishlarini hal qilishda ularning ishtirok etishiga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Yurtimizda ro‘yxatdan o‘tgan NNTlar yopiq emas, balki siyosiy tizim, birinchi navbatda davlat hokimiyati institutlari bilan doimiy va samarali o‘zaro hamkorlik qiladi, demokratik jarayonga aholining fuqarolik faolligini olib kirgan holda unga ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26.12.2018 yildagi PQ-4086-son qaroriga muvofiq NNTlar va boshqa fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 2019 yilda — 28 mlrd. 550 mln. so‘m., 2020 yilda — 38 mlrd.339 mln. so‘m., 2021 yilning shu davriga esa — 60 mlrd.so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, bu yil qo‘shimcha ravishda yana 30 mlrd. so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Norasmiy volontyorlar guruhlari

Adliya vazirligida O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uning asosiy vazifasi volontyorlik faoliyatini tashkil etishga doir tashabbuslarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, volontyorlar huquq va manfaatlarini himoya qilishdir.

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, umumiy asosda, qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

«Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq NNTlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, boshqa demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, xayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tashkil etilishini qayd etish lozim.

Respublikada belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan NNTlar asosan nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, yoshlar, ayollar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik va fermerlik, ekologiya, sport, demokratiya, sog‘liqni saqlash, OAV, hunarmandchilik, madaniy-tarixiy va ma’rifiy sohalar va boshqa sohalarda faoliyat yuritadi.

«Oltin qanot» tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida adliya organi murojaatchilarni bir necha bor xabardor qilgan, bundan tashqari, ro‘yxatga oluvchi organning hech bir qarori ustidan sud tartibida shikoyat berilmagan.

Shu sababli, murojaatchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar qonunchilik talablariga rioya qilinmagan holda topshirilganini amalda tan olganliklari to‘g‘risida xulosa qilish mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot sifatida bildiriladiki, 2020 yilda NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun topshirilgan 810 ta murojaatning 449 tasi qanoatlantirilgan bo‘lib, joriy yil birinchi chorakning o‘zida 151 ta NNTlar ro‘yxatga olingan.

«Shaffof xayriya» yagona interfaol portali

«Shaffof xayriya» yagona interfaol portali 2021 yil 1 maydan joriy etilgan bo‘lib, shaffofxayriya.uz sayti test rejimida ishlamoqda.

Bu yerda gap portalda norasmiy volontyor guruhlarini NNT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida emas, balki xayriya qiluvchilarning pul mablag‘lari kirim-chiqimining shaffofligini ta’minlash haqida ketmoqda.

Portal xayriya mablag‘larini markazlashgan holda jamlash va taqsimlash, ularning maqsadli va manzilli foydalanilishi bo‘yicha mazkur jarayonlarning to‘liq avtomatlashuvi va shaffofligini ta’minlovchi monitoringni amalga oshirish imkonini beradi, shuningdek, xayriya qiluvchi shaxslarning o‘z mablag‘larining ishlatilishi ustidan kuzatib borish imkonini beradi.

Huquq himoyachilari tashkilotlari: ular qancha va ularni qay tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish lozim?

O‘zbekiston Respublikasida NNTlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, boshqa demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, xayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tuziladi («Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 2-moddasi).

Qonunchilik huquq himoyachilarining alohida huquqiy maqomini ko‘zda tutmaydi. Biroq, har qanday NNT u yoki bu darajada inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi, shuning uchun, ularning aksariyat qismini huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar qatoriga qo‘shish mumkin.

Milliy NNTlar kabi xorij NNTlarni ro‘yxatga olish uchun qonunga muvofiq yagona talablar belgilangan, barcha NNTlarga nisbatan yagona yondoshuv amalga oshiriladi.

Maqolada ko‘rsatilgan «Ezgulik» O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha jamiyat, «Tayanch» O‘zbekiston inson huquqlari ijtimoiy birlashmasi kabi tashkilotlardan tashqari, O‘zbekiston xalqaro huquq assotsiatsiyasi, O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Inson huquqlari va gumanitar huquqini o‘rganish markazi, Inson huquqi madaniyati markazi, Demokratiya va inson huquqlari instituti, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, Nogironlar assotsiatsiyasi va boshqa shu kabi tashkilotlar ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ba’zi NNT larni davlat ro‘yxatiga olishni rad etishning sabablari

Buxoro viloyati adliya boshqarmasiga «Gumanitar huquqi markazi»ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalar 2019 yil 29 iyul, 209 yil 18 noyabr, 2020 yil 10 fevral va 16 iyulda taqdim etilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan murojaatlar Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilgan, ammo taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik talablariga muvofiq emasligi sababli tashkilotni ro‘yxatga olish rad etilib, bu haqda murojaatchilarga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda xabar berilgan.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi jamoat birlashmalari to‘g‘risida» Qonunining 10-moddasi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 17, 21-moddalari, Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 13-band «a» kichik bandi va 14-bandi talablariga xilof ravishda taqdim etilganligi asos bo‘lgan.

Shu vaqtda qadar murojaatchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qabul qilingan qarordan norozi bo‘lgan taqdirda mazkur qaror ustidan sud tartibida shikoyat berish huquqlaridan foydalanmaganlar.

«Chiroq» NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adoiya vazirligiga 2019 yil 24 dekabr va 2020 yil 28 fevral kunlari taqdim etilgan.

Shu munosabat bilan, taqdim etilgan hujjatlar O‘zbekistn Respublikasi «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi Qonunning 6-moddasi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 21-moddasi
va yuqoridagi Nizomning 14-bandi talablariga javob bermaganligi sababli tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilib, bu haqda murojaatchilarga rad etish sabablari batafsil tushuntirilgan holda habar berilgan. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qabul qilingan qaror ustidan murojaatchilar shikoyat bermaganlar.

«Inson huquqlari uyi» NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga
2020 yilning 7 fevral, 7 iyul, 15 sentyabr va 7 dekabr kunlari taqdim etilgan.

Hujjatlarni «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida"gi Qonunning 15 va 17-moddalari hamda yuqoridagi Nizomning 6, 12 va 13-bandlari talablariga muvofiq emasligi sababli davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etildi, bu haqda murojaatchilar belgilangan tartibda xabardor qilingan. Hozirgi kunga qadar NNTni rad etish to‘g‘risida qabul qilingan qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishmagan.

«Men tirikman» NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalar Farg‘ona viloyati vdliya boshqarmasiga 2020 yil 16 iyun va
10 avgust kunlari taqdim etilgan.

O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, taqdim etilgan hujjatlar «O‘zbekiston Respublikasi jamoat birlashmalari to‘g‘risida"gi Qonunning 17-moddasi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning
9-moddasi va yuqorida ko‘rsatilgan Nizomning 4-bandi talablariga nomuvofiqligi aniqlangan. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, bu xaqda murojaatchilar belgilangan tartibda xabardor qilingan. Murojaatchilarga rad etish sabablarini tushuntirish bilan birga, shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqi
ham tushuntirilgan.

Ustavlar (Nizomlar) namunalari

O‘zbekiston Respublikasi hududida NNTlar tashkil etilishi mumkin bo‘lgan tashkiliy-huquqiy shakllar ro‘yxati «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunda ko‘zda tutilgan.

Turlicha tashkiliy-huquqiy shakllar shakldagi NNTlar ta’sis hujjatlari va ustavlariga nisbatan talablar turlicha qo‘yiladi. Har bir tashkiliy-huquqiy shaklga yagona ustav qo‘llanila olmaydi. Hozirgi vaqtda umumiy namunadagi ustav tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

NNTlar soni

Maqolada joylarda NNTlarni hisobga olinishi va ushbu tashkilotlarning faoliyati gumon ostiga olinadi, aslida ular bosh tashkilotiga ega bo‘lsada alohida tashkilot hisoblanadi.

Shu sababli, muallif mazkur sohaga o‘z hissasini qo‘shayotgan joylardagi NNTlarning barcha maxsus bo‘linmalari amaldagi qonunchilikka muvofiq alohida yuridik shaxslar hisoblanishini e’tiborga olishi kerak edi.

NNT lar faoliyatining ochiqligi

Bugungi kunda fuqarolik jamiyati va davlat o‘rtasidagi sherikchilik kompleks muammolarni hal etishning eng samarali usuli sifatida e’tirof etilmoqda.

Qonunchilikka muvofiq, NNTlar qonunlarga rioya qilishlari va o‘z faoliyatlari to‘g‘risida ma’lumot berib borishlari shart. Shu bilan birga, NNTlar faoliyati oshkora bo‘lishi, ularning faoliyati to‘g‘risidagi hujjatlar esa (ta’sis va dasturiy) — jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi lozim.

NNTlar faoliyati shaffofligini ta’minlashning asosiy mexanizmlariga tashkilotning rasmiy sayti (tashkilot faoliyati, davlat grantlari, xususiy dastur va loyihalarning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi materiallar berib boriladi) joriy etilganligini kiritish mumkin.

Tashkilot faoliyati to‘g‘risida yillik hisobot an’anaviy ravishda uchinchi sektordagi ommaviy hisobdorlikning asosiy vositasi va faoliyatining shaffofligini ta’minlash mexanizmi sifatida e’tirof etiladi.

Tahlillarga ko‘ra, NNTlarning 10%gina qismi boshqaruvning shaxsiy tarkibi va tashkilotlar tuzilmalari to‘g‘risida o‘z saytida to‘liq axborotni berib boradi, qolgan 90% esa umuman bunday ma’lumotlarga (saytdagi moliyaviy hisobotlarni ham e’tiborga olgan holda) ega emas.

Shu bilan birga, NNTlarning shaffofligi tashkilotning kuch-quvvatini namoyish qiladi, o‘zlarining muammolarini hal qilishda ko‘mak beradi, fuqarolar va donorlar tomonidan NNTlarga bo‘lgan ishonchning ortishiga yordam beradi.

O‘z navbatida davlat organlari ham o‘z faoliyatlarida shu kabi ochiqlik tamoyilidan foydalanishlari kerak.

Bunga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining faoliyati yorqin misol bo‘la oladi.

Adliya vazirligi faoliyatining maksimal ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tizimda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha samarali mexanizmini joriy etish, vazirlik faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilib borish, aholining huquqiy axborotga bo‘lgan talabini ta’minlash uchun «Open Justice» («Ochiq adliya») https://minjust.uz/ru/press-center/news/98436/ dasturi ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.

Davlat xokimiyati va boshqaruvi idoralari faoliyati ochiqligi reytingida («Ochiqlik indeksi») Adliya vazirligi 2018 yildan buyon 59 ta davlat organlari orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

NNTlar to‘g‘risidagi kodeks loyihasi

Loyihani ishlab chiqishda Adliya vazirligi OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikni loyihani ishlab chiqishda ishtirok etishga chorladi.

Hozirgi kunda mavjud muammoli masalalar va ularni hal etish bo‘yicha ishchi va ekspertlik guruhlari tomonidan taqdim etilgan takliflar tahlilini inobatga olgan holda loyihani takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Loyiha hajmi, maqsadlari va vazifalarining muhimligini e’tiborga olgan holda uni ko‘rib chiqish uchun Hukumatga kiritish muddati belgilangan tartibda uzaytirildi.

Hozirgi kunda loyihaning yakkuniy tahriri ishchi va ekspertlik guruhlari tomonidan tasdiqlanmagan va jamoat muhokamasiga qo‘yilmagan. Loyiha tayyor bo‘lganda u albatta jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.