Nur-Sulton va Toshkent ko‘p martalik sayyohlik vizasi Silk Road Visa`ni joriy etish bo‘yicha barcha texnik masalalarda kelishib oldi. Bu haqda 18 may kuni bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Yevraziya Ekspert».

«Aniq sanani ikki tomonlama komissiya belgilaydi… Biz barcha texnik muammolarni hal qildik, qaror qilish arafasidamiz. Davlatning ichki tasdiqlash tartib-taomillaridan o‘tib olishimiz kerak», — dedi vazir o‘rinbosari.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun chet elliklar ariza yuborishi mumkin bo‘lgan portal ishga tushiriladi. Murojaatga javob 48 soat ichida keladi. Bosh vazir o‘rinbosari boshqa davlatlar ham ushbu loyihaga qo‘shilish bo‘yicha istaklarini bildirayotganliklarini qo‘shimcha qildi.

«Qirg‘iziston juda faol qiziqish bildirmoqda, Ozarbayjon Respublikasi bilan avtonom o‘zgarishlar mavjud, ehtimol Tojikiston, Mo‘g‘uliston, shuningdek, bir qator Kavkazorti respublikalari ushbu loyihaga qo‘shilishi mumkin. Muzokaralar olib borilmoqda», — dedi vazir.

Yanvar oyida Abduhakimov Qozog‘iston va O‘zbekiston turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirishi haqida aytgan edi. Shu bilan birga, u kelajakda mamlakatlarning sayyohlik salohiyatini oshirish uchun yangi transport koridorlarini ochish rejalashtirilganligini ta’kidlagan. Xususan, Turkiston va Toshkentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasini qurish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.