«Gazeta.uz» nashri «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida chet el oliygohlarida o‘qiyotgan yoki xorijda ta’lim olib, hozir ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Bunda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta’limni tanlaganligi, ularning boshidan o‘tgan sinovlar haqida so‘z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Dilshod Davronov.

Dilshod Davronov 1992 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U 8-sinfgacha Buxoro shahridagi 30-son maktabida, 8-sinfdan boshlab esa 19-son iqtidorli bolalar uchun maktab-internatida ta’lim olgan. 2009 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti»ga o‘qishga kirgan. 2014 yilda bakalavrni bitirgach biroz muddat Tashqi iqtisodiy faoliyat, investitsiyalar va savdo vazirligida faoliyat yuritgan hamda shu bilan birga Diplomatiya universitetining magistratura bosqichida ta’lim olishni boshlagan. Biroq 2015 yilda magistratura va ishini tashlab Vengriyaning Budapesht shaxridagi Markaziy Yevropa Universitetiga — magistratura bosqichida ta’lim olish uchun ketgan. 2016−2018 yillarda amerikaning Morgan Stanley investitsion bankida Credite Risk Management bo‘limida tahlilchi va yetakchi tahlilchi lavozimlarida ishlagan. 2018 yildan buyon Germaniyaning Frankfurt shaxrida VTB Europe SE investitsion bankida Associate lavozimida faoliyat yuritib kelmokda. Ixtisosligi — ko‘chmas mulk sohasidagi investitsion loyihalarni moliyalashtirish.

— Yoshligingizdan to xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan davr haqida gapirib bersangiz…

— O‘rta ta’limni Buxoro viloyatida sobiq Turk litseyi asosida tashkil etilgan Iqtidorli bolalar maktab-internatida olganman. Ushbu muassasa matematika va fizika yunalishlariga ixtisoslashgan bulib, o‘quvchilari 90 yillarning oxiri va 2000 yillarning boshlarida bir necha yil ketma-ket fan olimpiadalarida Respublikada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan. Keyinchalik ko‘pchilikka tanish Qorako‘l litseyi bu borada oldinlab ketgan. Men o‘zim ham o‘qish davrida matematika va ingliz tili fanlaridan olimpiadalarda ishtirok etib, tuman va viloyat boskichlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lganman. 2009 yilda 16 yoshimda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Xalqaro iqtisodiy munosabatlar» fakultetiga budjet asosida o‘qishga qabul qilinganman. Diplomatiyada o‘qish davrida 2012 yilda Koreyaning AJOU universitetida talabalar almashinuv dasturi asosida o‘qishga ham muvaffaq bo‘lganmiz.

Foto: Dilshod Davronovning shaxsiy arxividan

— Bilishimiz bo‘yicha, siz O‘zbekistonda bakalavrni o‘qib, magistratura bosqichini esa yarmidan tashlab, chet elga ketgansiz. Diplomatiya universiteti magistraturasini tashlab ketishga sizni nima majbur qildi?

— O‘qish davrida o‘qishni bitirgach davlat ishida ishlash, shu bilan birgalikda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib, kelajakda doktorlik darajasini olib, yarim stavka asosida universitetda dars berish maqsadim bor edi. Shu sababli xam o‘qish davrida ustozlarimizning ko‘maklari asosida 20 dan ortiq ilmiy maqolalar, jumladan Yaponiya, Xindiston, Rossiya va Koreya nashrlarida, hamda 1 ta ilmiy monografiya chop ettirganmiz. So‘ng 2014 yilda bakalavrni bitirgach, Diplomatiyaning magistratura bosqichiga qabul qilinganman, shu bilan bir vaqtda o‘sha paytdagi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida (keyinchalik bu vazirlik bir necha bor qayta tashkil etildi) yarim stavka asosida ishlaganman.

Biroq tez orada magistraturada o‘qish sifatining bakalavrdagidan ham pastligi, ko‘pchilik shunchaki magistr diplomi uchun o‘qishi hafsalamni pir qilgan. Davlat ishida ham juda ko‘p narsa kutganimdek bo‘lib chiqmagan. Ilmiy salohiyat talab etiladigan deyarli hech narsa bilan shug‘ullanmaganmiz. Asosan haddan ziyod qog‘ozbozlik, foydasiz va tuganmas hisobotlar bilan band bo‘lganmiz. Ishdagi sovet tuzumiga xos korporativ muhit hamda oylik maoshning juda kamligi haqida gapirmasam ham bo‘ladi.

Shu vaqt mobaynida, Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabi (Vыsshaya shkola ekonomiki) tomonidan tashkil etilgan «Jahon iqtisodiyoti» yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro olimpiadada ishtirok etib, sovrinli o‘rinni egallaganim uchun mazkur universitetning magistraturasiga imtihonsiz qabul qilinganman. Qolaversa, Vengriyada joylashgan Markaziy Yevropa Universitetining (Central European University) «Global iqtisodiy siyosat» (Global Economic Policy) mutaxassisligi bo‘yicha magistratura dasturiga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilinganman.

Markaziy Yevropa Universiteti Amerikaning oliy ta’lim muassasi bo‘lgani, Yevropa emas, balki Amerika ta’lim tizimi asosida faoliyat yuritishi hamda mazkur ta’lim dargohida Amerikaning juda ko‘p top universitetlarining (Garvard, Stenford, Prinston kabi) professorlari dars berishi sababli shu universitetda o‘qishni davom ettirishga qaror qilganman. Shuning uchun ham Diplomatiyadagi magistraturamni 2-semestrda, shu bilan birgalikda o‘sha paytdagi ishimni xam o‘z xohishim bilan tashlab ketganman.

— Xorijga ketishdan avval siz uchun eng katta motivatsiya nima edi?

— Diplomatiyada o‘qib yurganimda bir nechta ustozlarimizdan, xalqaro toifadagi mutaxassislardan (Ulug‘bek Hasanov kabi) ta’lim olish baxtiga muyassar bo‘lganmiz. U insonlar qay darajada o‘z sohalarining mutaxassisi ekanligi, intellektual darajasining yuqoriligi, bir nechta chet tillarida bemalol ma’ruzalarni o‘qiy olishlarini hamda ajoyib insoniy hislatlarini ko‘rib juda havas qilganman va ular kabi yetuk mutaxassis, yaxshi inson bo‘lishni niyat qilganman. Shu sababli ham bilimimni oshirish, dunyo ko‘rib, o‘z dunyoqarashimni kengaytirish hamda xalqaro tajriba orttirish maqsadida chel elga ketishga qaror qilganman.

Foto: Dilshod Davronovning shaxsiy arxividan

— Mana siz hozir talaba emassiz, ishlayapsiz. O‘sha motivatsiya hali ham bormi? Balki yangilari qo‘shilgandir…

— Motivatsiya bor, albatta. Magistraturada o‘qish davrida xalqaro moliyaviy bozorlar sohasiga qiziqish paydo bo‘lgan va universitetda asosan shu sohaga taalluqli fanlarni tanlashga harakat qilganman, qolaversa qo‘shimcha mustaqil ravishda mazkur sohaga doir adabiyotlar va onlayn kurslarda o‘qiganman.

2-kursdaligimda Amerikaning Morgan Stanley investitsion bankining Credite Risk Management bo‘limiga tahlilchi sifatida ishga kirib, u yerda juda ko‘p amaliy tajriba orttirishga muvaffaq bo‘lganmiz. U yerda Morgan Stanleyning ko‘chmas mulk sohasiga kiritilgan 2 milliard dollardan oshiq kredit investitsiyalari hamda derivativlardan tashkil topgan portfelni nazorat qilganman. Ish jarayonida ham juda aqlli va muvaffaqiyatli insonlar bilan tanishganmiz. Ularning aqlli va muvaffaqiyatli bo‘lishlari hamda yuqori lavozimlarni egallashlariga qaramasdan samimiy, kamtar va o‘z yordamini ayamaydigan insoniy hislatlarni o‘zlarida jam qila olishganini ko‘rib, shular kabi bo‘lishga intilganmiz va hozirgi kunda ham shu maqsad sari harakat qilmoqdamiz.

Yana bir motivatsiyalardan biri bu — iloji boricha ko‘proq davlatlarga sayohat kilib, u yerlardagi har xil bekgraund (tajriba, o‘tmish, hikoya — tahr.) ega bo‘lgan insonlar, mahalliy madaniyat va vaziyat bilan tanishish, yangicha tajriba va sarguzashtlar orkali o‘z dunyoqarashimni yanada kengaytirish.

— Vengriyada Markaziy Yevropa universitetidagi ta’lim haqida aytib bersangiz. O‘zbekistondagi ta’lim bilan solishtirganda, qanday farqlari bor?

— Chet elga chiqib birinchi anglab yetgan narsam, chet el ta’lim tizimining, jumladan Markaziy Yevropa Universitetida O‘zbekiston ta’lim tizimiga nisbatan bir necha o‘n barobar rivojlangan ekanligi bo‘lgan. Butun dunyodan kelgan kursdoshlarim bilan muzokaralar jarayonida O‘zbekistonning ta’lim tizimi ba’zi bir yo‘nalishlarda hattoki Markaziy Osiyoning xamda Afrikaning ba’zi bir mamlakatlaridan xam qoloqligini anglab yetish juda alam qilgan o‘shanda.

Markaziy Yevropa Universitetida asosiy e’tibor ta’limning sifatiga, berilayotgan bilimlarning qay darajada zamonaviy talablarga javob berishi xamda ularning amaliyotda kanday qo‘llanilishiga qaratiladi. O‘qish jarayonida juda ko‘p keys stadilar (case study) ko‘rib, tahlil qilib chiqiladi. Qolaversa, talabalar qiziqishlariga va kelajakdagi maksadlariga qarab fanlarni tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Plagiatga juda qattiq qarashadi va ozgina bo‘lsada plagiatga yo‘l qo‘yish talabaning o‘sha fandan «yiqilishiga» hamda hattoki o‘qishdan butunlay chetlatilishiga ham olib keladi.

O‘qishga formada kelish, konspekt, ma’naviyat soatlari kabi bemani narsalar yo‘q. Qolaversa, chet elda dekanatning «lyubimchik» talabalari degan tushuncha yo‘q. Aniqrog‘i, hamma talaba birdek «lyubimchik», kimnidir o‘g‘li yoki jiyani bo‘lishmasa ham, ijtimoiy tadbirlarda qatnashib universitet ma’muriyatining xizmatini qilmagan bo‘lsa ham.

Talabalar bilimini baholash barcha uchun birdek adolatli hamda xolis, ba’zi hollarda esa anonim tarzda amalga oshiriladi. Shuningdek talabalar ham professorlarning ta’lim berish faoliyatini baholashadi va «qoniqarsiz» baho olgan professorlar kelasi semestrdan ishdan chetlatiladi.

Foto: Dilshod Davronovning shaxsiy arxividan

— Ketganingizdan keyin dunyoqarashingiz qay darajada o‘zgardi, deb o‘ylaysiz?

— Bir qancha o‘zgarishlar bo‘ldi, albatta. Shu jumladan, qilinadigan ishlar haqida oldindan emas, balki qilib bo‘lgandan so‘ng gapirish, shunda ham iloji boricha baland-parvoz so‘zlarsiz, qolaversa, boshqalarning shaxsiy hayotiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning dini, irqi, jinsi, madaniyati va siyosiy qarashlarini (sizniki bilan to‘g‘ri kelmasa-da va uni qabul qilmasangiz-da) hurmat qilish, shaxsiy qarashlar bilan professional munosabatlarni aralashtirmaslik kabi ko‘nikmalarga o‘rgandim.

— Vengriyaga borganingizdan keyin qiyinchiliklar bo‘ldimi? Eng katta qiyinchilik nima edi?

— Eng katta qiyinchilik osh uchun sariq sabzi topish bilan bog‘lik bo‘lgan (kuladi). Boshqa jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmaganmiz.

— Hozir Germaniyadasiz. U yerda nima ish bilan shug‘ullanasiz?

— Germaniyaning Frankfurt shahriga 2018 yilda ish yuzasidan ko‘chib kelganman. Hozirgi kunda VTB Europe SE investitsion bankining Investment Banking boshqarmasida Associate lavozimida faoliyat yuritaman.

Asosiy ixtisosligim ko‘chmas mulk sohasidagi investitsion loyihalar bilan shug‘ullanish. Shu bilan birgalikda ba’zida loyihalarni moliyalartirish (Project Finance), likvid bo‘lmagan yuqori xatarli kreditlashga (Illiquid High Yield Lending, Leveraged Finance) oid loyihalar/tranzaksiyalar bilan shug‘ullanaman.

— Germaniyaga ko‘nikish masalasida qiyinchiliklar bo‘lmadimi?

— Bu yerda ham jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmaganman. Frankfurt xalqaro shahar bo‘lganligi uchun, nemis tilini umuman bilmasligim ham deyarli hech qanaqa qiyinchilik tug‘dirmagan.

Biroq keyinchalik mahalliy tilni o‘rganishni boshlaganmiz. Nemis xalqi juda yaxshi xalq. Qolaversa, bu yerda xar bir sohada tizim juda aniq va yaxshi ishlaydi. Shuning uchun ham moslashib ketish katta kiyinchilik tug‘dirmaydi.

— Sir bo‘lmasa qancha oylik maosh olasiz?

— Sir (kuladi).

Shuni aytishim mumkinki, investment banking sohasida faoliyat yurituvchilarning daromadi asosan 2 qismdan iborat bo‘ladi. Birinchisi, oldindan belgilangan oylik maosh bo‘lsa, ikkinchisi, xodimning faoliyatiga bog‘liq (Performance-based) bonus to‘lovi. Bonusning miqdori bir yillik maoshga teng bo‘lishi mumkin. Umuman olganda to‘lov miqdori aksariyat boshka soha vakillarinikiga nisbatan yuqori.

Biroq shuni ham aytib o‘tish joizki, investment banking raqobat eng yuqori bo‘lgan sohalardan biri hisoblanib, ishga kirgandan so‘ng haftasiga o‘rtacha 80−100 soat ishlanadi. Yuqori aqliy-tahliliy mehnat talab qilinadi va buni barchaning xam sog‘lig‘i ko‘taravermaydi.

— Instagram sahifangizda siz asosan Yevropa shaharlari haqida postlar yozib qoldirgansiz. Umuman, Yevropa haqida taassurotlaringiz qanday? Siz yashagan Yevropaning ikki davlati orasidagi farqli yoki o‘xshash jihatlari nima? U yerda sizni hayron qoldirgan holatlar bo‘ldimi?

— Hozirga qadar 30 ta davlatda bo‘ldim, asosan Yevropa davlatlari. Bu yerda birinchi bo‘lib e’tiborimni tortgan va menga juda yoqadigan jihati, Yevropada insonlar juda samimiy, kamtar, o‘zaro hurmatli va intellektual rivojlangan. Toshkentda tez-tez uchratib turadigan «pont"larni bu yerda deyarli ko‘rmaysiz. Bu yerda bir-biriga asosan insoniy hislatlariga va shaxsiy yutuqlariga qarab baho berishadi, qanaqa oiladan kelib chiqqani, ustidagi kiyimi yoki tagidagi mashinasini qiymatiga emas, qancha daromad topishi yoki kimlar bilan o‘tirib-turishiga qarab ham emas.

Germaniya bilan Vengriya o‘rtasidagi farqqa keladigan bo‘lsak: Vengriya sobiq sovet tuzumi ta’siri ostida bo‘lan davlat va bu tarixiy fakt ba’zi bir jabhalarda o‘z izini qoldirgan. Qolaversa, nemislar vengerlarga nisbatan do‘stonaroq. Va albatta, Germaniya iqtisodiy hamda hayot sifati borasida Vengriyaga nisbatan ancha rivojlangan.

Foto: Dilshod Davronovning shaxsiy arxividan

— Xorijga kelganingizdan so‘ng narsalaringizni yig‘ishtirib, ertaga O‘zbekistonga qaytaman deydigan holatlar bo‘lganmi?

— Unaqasi bo‘lmagan hali.

— Xorijga ketishingizga oilangizdagilar qanday qarashdi? Har qalay siz magistraturani tashlab ketgansiz. O‘sha vaqtda ishli inson ham bo‘lgansiz…

— Ota-onam barcha ota-ona kabi o‘z bolasidan xavotir olib, doim bunaqa qarorlarga biroz konservativ yondashuvda qarashadi.

Hattoki Diplomatiyaga topshirishimga ham boshida biroz qarshi bo‘lib, «Bolam, unaqa joyga kirish juda qiyin, Moliyaga topshirsang bo‘lmaydimi?» deyishgan. Ularga Moliyaga topshiraman deb, Toshkentga kelib to‘g‘ri Diplomatiyaga borib hujjat topshirganman. Haqiqatni esa ular imtihondan 1−2 kun oldin bilishgan. Allohga behisob shukur, budjet asosida o‘qishga kirib, ularni yuzlarini yorug‘ qilish nasib etgan o‘shanda.

Chet elga ketish qarorimni ham uydagilar boshida uncha ma’qullamay, biroq vaziyatni va kelajakdagi rejalarim tushuntirganimdan so‘ng qo‘llab-quvvatlashgan. Hozirda esa tezroq kaytishimni xohlashadi.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O‘zbekistonga qaytasizmi?

— O‘zbekistonga yaqin yillarda qaytish rejam yo‘q. Biroq ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Balki taqdir taqozosi bilan qaytishimga to‘g‘ri kelib qolishi ham mumkin.

— Hozirgi kunda ham siz kabi, ya’ni nufuzli oliygohlarda o‘qib turib, chet elga ketishni xohlaydigan, biroq atrofdagilari ta’siri bilan bu qarorni qabul qila olmaydigan yoshlarga nima degan bo‘lardingiz?

— Avvalambor, inson oliy maqsadini aniqlab olishi zarur. Qolaversa, tavakkal kilishdan ko‘rqmaslik kerak. Agar inson doimo harakatda bo‘lib, o‘z ustida ishlashda davom etsa, qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar muvaffaqiyatlarga erisha oladi, deb ishonaman.

— Ayni vaqtda O‘zbekistondagi tengdoshlaringiz, kichik yoshdagilar va umuman xorijga o‘qishga ketmoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Avvalambor, chet elga chiqsam hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, mo‘maygina daromad topaman degan fikrdan xalos bo‘lish kerak. O‘zbekistonda qolib xam yuqori ilmga erishgan, juda yaxshi daromad topadigan va muvaffaqiyatlari bo‘yicha dunyoning yetakchi universitetlari bitiruvchilaridan qolishmaydiganlar juda ko‘p. Masalan, biz bilan deyarli bir vaqtda Diplomatiyada o‘qigan va hozirda o‘sha yerda ta’lim berayotgan yaxshi do‘stimiz Muhammadali Eshonqulovni namuna qilib o‘tmoqchiman.

Yoki chet elning nufuzli universitetlarida o‘qib, o‘z o‘rnini topa olmay O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘lganlar xam talaygina. Shuning uchun yuqorida aytib o‘tganimdek, niyatni to‘g‘ri qilish kerak, oliy maqsadni aniqlab olish kerak va o‘z ustida (nafaqat hard skills, balki soft skills borasida ham) ishlashdan to‘xtamaslik kerak.

Umuman olganda esa, chet elda ta’lim olgan ma’qul deb xisoblayman. Ayniqsa, agar maqsad shunchaki diplom olish emas, balki ilm olish bo‘lsa, unda magistratura va doktorantura bosqichlarini, albatta, chet elda o‘qish zarur. O‘zbekistonda magistratura va doktorantura qilish bu umrni va moliyaviy resurslarni bekorga zavol qilish bilan deyarli barobar, deb bilanam. Bu mening shaxsiy fikrim.

Foto: Dilshod Davronovning shaxsiy arxividan

— Sizning sohangizda yutuqqa erishmoqchi bo‘lgan O‘zbekistondagi yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?

— O‘zbekistonda moliya sohasida ishlab ko‘rmaganman. Shuning uchung aniq bir maslahat berishga ojizlik kilaman. Biroq, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek qanaqa soha bo‘lishidan qat’iy nazar, yutuqqa erishish uchun inson o‘sha sohadagi eng zo‘r mutaxassislardan bo‘lishga intilishi, o‘z ustida to‘xtamasdan ishlashi, sabrli bo‘lishi zarur.

Ishni, yo‘nalishni tanlashda uning moddiy tomonlari hamda «prestiji» uchinchi yoki to‘rtinchi darajali mezon bo‘lishi kerak. Birinchi mezon esa insonni o‘zining qiziqishi va qobiliyati.

Qisqa savol-javoblar:

— Nimadan afsuslanasiz?

— Yetarlicha kamchilik va xatolarga yul qo‘yganmiz, lekin hech narsadan afsuslanmayman. Hammasi yaxshilikka bo‘lgan, deb o‘ylayman.

— Xorijda nima sizni tushkunlikka tushirib qo‘ygan edi?

— Hech narsa o‘ta tushkunlikka tushirmagan. Biroq ba’zida xohlagan vaqtimda ota-onamni ko‘rolmasligim, bag‘rimga bosolmasligim, bobom-buvimlarni ziyorat qilib, duolarini ololmasligim ozgina ko‘nglimni xijil qiladi.

— Agar 10 yil ortga qaytish mumkin bo‘lganda qaysi xatoyingizni takrorlamas edingiz?

— Vengriyada magistraturada o‘qishni boshlaganimda, O‘zbekistondagi ta’lim sifatining naqadar qoloqligini anglab yetib, bakalavrni ham chet elda o‘qisam bo‘lar ekan degan fikrlar kelgan vaqt bo‘lgan. Biroq Diplomatiyada o‘qiganimdan hech ham afsuslanmayman. Chunki u yerda juda yaxshi insonlar bilan tanishib, ba’zilari bilan do‘stlashish baxtiga muyassar bo‘lganman, ham mutaxassis sifatida, ham shunchaki inson sifatida ajoyib ustozlardan ta’lim olib, ular kabi bo‘lish uchun qancha motivatsiyalar olganmiz.

Diplomatiya kareramda as qotadigan xalqaro darajadagi bilimni berolmagan bo‘lsa-da, inson sifatida shakllanishimda juda muhim ro‘l o‘ynagan. Xudo xohlasa, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishganimda bir kun kelib shu ta’lim dargohida dars berib, o‘z bilim va tajribamni yoshlar bilan bo‘lishish nasib qiladi degan niyatim bor.

— 5 yildan so‘ng Dilshod Davronov o‘zini qayerda va qanday holatda ko‘radi?

— Hoynahoy, boshqa davlatda bo‘lsam kerak. Aynan investment banking sohasida bo‘lmasa ham, biroq moliya sektoridagi boshqa bir sohada (masalan, consulting yoki private equity funds) faoliyat boshlashim ehtimoli ham bor.

— Agar tilla baliq tutib olsangiz undan O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lar edingiz?

— Shu savolga javob bermay (kuladi).

Og‘abek Samisov suhbatlashdi