Belarusda xavfsizlik xodimlarining huquqlari kengaytirildi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko «Belarus milliy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi, bu, xususan, militsiyaga tartibsizliklar ishtirokchilariga qarshi harbiy va maxsus texnikadan foydalanish huquqini beradi. Qonunda xavfsizlik kuchlari tomonidan jismoniy kuch, maxsus vositalar, qurol, harbiy va maxsus texnikani ishlatish shartlari va chegaralari, tintuv o‘tkazish qoidalari, muayyan huquq va majburiyatlar belgilangan. Qonunda militsiya xodimlari qurol va maxsus jihozlardan foydalanish natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi, agar bunday harakatlar qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilgan bo‘lsa. Ichki ishlar organlariga fuqarolarga protsessual harakatlar uchun, jamoat tartibini, shaxsiy va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida video, kino va suratga olishni taqiqlash huquqi beriladi. Shuningdek, militsiya hibsga olish paytida fuqarolarni, ularning buyumlarini va mashinasini shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi. Qonunda, shuningdek, ichki ishlar organlariga jismoniy shaxslarning yozma roziligisiz ma’lumotlarni olish (shu jumladan shaxsiy ma’lumotlarni) huquqini beradigan taklif mavjud. — BelTA.

Shuningdek: Lukashenko «Sudyalar, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlarining mansabdor shaxslari, davlat xavfsizlik organi xodimlarini davlat himoyasi to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartishlarni imzoladi. Bu himoya qilinadigan shaxslar doirasini kengaytiradi. Ro‘yxatga Qurolli Kuchlar, jamoat tartibini himoya qilish bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarayotgan boshqa qo‘shinlar va harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, Belarus prezidenti Xavfsizlik xizmati va Belarus prezidenti huzuridagi Operativ tahlil markazi xodimlari, yuqoridagi shaxslarning qarindoshlari kiritildi. Shunday qilib, davlat himoyasi rasmiy faoliyati bilan bog‘liq xavf ostida bo‘lgan har qanday shaxsga, shu jumladan davlat amaldorlariga, sudyalarga, OAV xodimlariga, saylov komissiyalari a’zolariga, boshqa shaxslarga, shuningdek ularning qarindoshlariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.


Britaniya hukumati hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha bir qator qonunlarni tayyorlamoqda

Buyuk Britaniyaning Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi departamenti uy va yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish bo‘yicha bir qator yangi chora-tadbirlarni joriy etadigan tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Rejada bir qator islohotlar, jumladan hayvonlarni aqlli jonzotlar deb e’tirof etish, tokli bo‘yinbog‘larni taqiqlash, primatlarni (maymunlar) uy hayvonlari sifatida saqlashni taqiqlash, fil suyagini sotishni taqiqlash, semirtirish va bo‘g‘izlash uchun hayvonlarni eksport qilishni to‘xtatish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, departament hayvonlar ishtirokidagi ba’zi reklamalarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Meduza’ning yozishicha, so‘nggi o‘n yil ichida Buyuk Britaniya hukumati hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha bir qator qonunlarni qabul qilgan. Xususan, mamlakatdagi sirklarda yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlanadi, bo‘g‘izlash joylarida kuzatuv kameralarinining o‘rnatilishi majburiy bo‘lgan. Buyuk Britaniyada hayvonlarga shafqatsizlik ko‘rstaganlarga eng yuqori jazo sifatida besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. — Meduza.

Shuningdek: 17 maydan boshlab Buyuk Britaniyada karantin cheklovlari yumshatiladi. Angliyada pablar, barlar va restoranlar, shuningdek, muzeylar, kinoteatrlar, bolalar o‘yin maydonchalari, teatrlar, konsert zallari va stadionlar ochiladi. Shotlandiyada (Glazgo va Morey okruglaridan tashqari) kino va teatrlar kabi ko‘ngilochar joylar, 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda, ochilishi mumkin. Uelsda kinoteatrlar, bouling zallari, muzeylar, galereya va teatrlar ochilmoqda. Bundan tashqari, Angliya, Shotlandiya va Uels aholisi chet elda ta’tilga chiqishlari mumkin bo‘ladi. Hozirgacha ruxsat berilgan davlatlar ro‘yxatida 12 ta davlat mavjud. Shimoliy Irlandiya cheklovlarni 20 may kuni qayta ko‘rib chiqadi.


Isroilda ibodatxona minbari qulashi natijasida 219 kishi jarohatlandi

Iordan daryosining g‘arbiy sohilida joylashgan Givat-Zeyev shahridagi ibodatxonada minbarning qulashi natijasida 219 kishi jarohat olgan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, 15 nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘ir. Ushbu voqea 16 may kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Fojiada ikki kishi — 12 yoshli bola va 40 yoshli ayol halok bo‘ldi. Aytilishicha, ibodatxonaning qurilishi tugallanmagan va ishlashga ruxsati yo‘q bo‘lgan. — Ynet.


Meksikalik ayol «Dunyo go‘zali 2021» unvoniga sazovor bo‘ldi


Foto: Rodrigo Varela / Getty Images

«Dunyo go‘zali 2021» tanlovi g‘olibi meksikalik Andrea Mesa bo‘ldi. Interfaksning yozishicha, 26 yoshli Mesa dasturlashni o‘rgangan va, hozirda, professional vizajistdir. U ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanadi, shuningdek, ayollar huquqlari uchun kurashadigan tashkilotlar faoliyatida qatnashadi. Tanvlovning so‘nggi bosqichida u Braziliya, Peru, Dominikan Respublikasi va Hindiston vakillarini chetlab o‘tgan. — Interfaks.


Hindistonga dovulli shamol va yomg‘irli siklon yaqinlashmoqda

Hindistonning g‘arbiy qirg‘og‘iga dovulli shamol va kuchli yomg‘irlar yaqinlashmoqda. Siklon 17 may kuni kechqurunga qadar g‘arbiy Gujartga yetib boradi, uning tezligi 175 km/soatgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shtat koronavirusga qarshi emlashni to‘xtatdi, qutqaruvchilar yuz minglab odamlarni evakuatsiya qilmoqda. Mumbayda ob-havo sharoiti tufayli aeroport mahalliy vaqt bilan soat 20:00gacha yopildi. Hindistonning janubiy shtatlarida yomon ob-havo tufayli 100 dan ortiq aholi punktlari zarar ko‘rgan, olti kishi halok bo‘ldi. Ba’zi hududlarda yo‘llarni suv bosgan, daraxtlar singan. — Interfaks.


Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha yangiliklar:

  • 10 maydan buyon G‘azo sektoridan Isroilga 3150 ta raketa uchirildi, 460 tasi sektorning o‘zida qulab tushgan. Isroil shaharlarga uchirilgan raketalarning qariyb 90 foizini ushlab qolgan. Qayd etilishicha, Isroilda havo hujumi sirenalari kuniga ming marta yangraydi.
  • So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda kamida 10 kishi, Falastinda esa 210 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
  • Isroil chet ellik jurnalistlar uchun G‘azo sektoriga kirishni yopdi.
  • 17 may kuni Isroil dengiz floti XAMAS suvosti kemasini yo‘q qildi. Shuningdek, 54 ta Isroil qiruvchi samolyoti XAMAS harakatining yer osti infratuzilmasini yo‘q qilish bo‘yicha katta kampaniya doirasida 35 ta harbiy nishonga va 15 km uzunlikdagi tunnellarga hujum qildi. 16 maydan 17 mayga o‘tar kechasi Isroil armiyasining jangovar samolyotlari XAMAS harakati yuqori martabali qo‘mondonlariga tegishli to‘qqiz uyga hujum qildi.
  • Isroil harbiylari BMTga G‘azo sektoridagi jahon tashkilotining yaqinida joylashgan ikkita maktabga raketa hujumini rejalashtirayotgani haqida xabar berishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, gap G‘azodagi Falastin masjidi yaqinida joylashgan «Al-Burak» va «Al-Aqsa» maktablari haqida ketmoqda.
  • G‘azo sektori Isroilni fosforli o‘q-dorilarni ishlatganlikda ayblamoqda.
  • 16 may kuni Berlinda Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Boshlangan tartibsizliklarda Germaniya politsiyasining 93 nafar xodimi jarohatlandi.