BAA kompaniyasi Masdar (Abu Dhabi Future Energy Company) Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 200 MVt.lik quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha tenderida eng jozibador tarifni taklif etdi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihani amalga oshirishga 54 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirgan. Birinchi bosqichdan 5 ta kompaniya o‘ta olgan, ikkinchisidan esa — 4 ta.

  • Masdar 1 kVt.soatga — 1,8045 sent taklif qildi,
  • ACWA Power — 2,4825 sent,
  • HK / China Power Holding International — 2,1621 sent,
  • Total Eren esa — 3,3940 sent.

Narxlar QQSni hisobga olmagan holda ko‘rsatilgan.

Moliyaviy takliflar zarur mezonlar talablariga rioya qilishi bo‘yicha baholanganidan so‘ng, loyihani amalga oshiradigan investor nomi e’lon qilinadi, deb qayd etishdi Energetika vazirligida.

Loyiha doirasida investor-ishlab chiqaruvchi yangi 220 kV.lik podstansiyani qurishi va 500 kV.lik Surxon podstansiyasiga ulanish uchun 52 km uzunlikdagi elektr o‘tkazuvchi liniyani bunyod etishi lozim bo‘ladi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Masdar portfelida allaqachon O‘zbekistondagi bir qancha loyihalar mavjud. Shu jumladan, kompaniya Navoiy viloyatidagi 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiya qurilishi, Zarafshondagi 500 MVt.lik shamol elektr stansiyasi, Toshkent viloyatidagi 40 kVt.lik kichik quyosh elektr stansiyasi va boshqa loyihalar qurilishi bilan shug‘ullanmoqda.