7 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Ushbu qonun loyihasi Hisob palatasining asosiy vazifa, funksiya, huquq va vakolatlarini amalga oshirish hamda sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.

Unga ko‘ra, Hisob palatasiga mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat boji to‘lamasdan sudga murojaat qilish vakolati berilmoqda.

Loyihada shuningdek, Hisob palatasi tomonidan tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida unga kerakli hujjatlar va mutaxassislarni ajratish majburiy etib belgilanmoqda. Bunga qadar o‘rganishlar vaqtida tekshiriluvchi tashkilotlar tomonidan hujjatlarni qisman taqdim etish va xodimlarni jalb etmaslik holatlari uchrab turgan.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi, byudjet mablag‘laridan maqsadli, oqilona hamda samarali sarflanishiga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mazkur qonunning boshqa bandlari deputatlar tomonidan qabul qilingach loyiha Senatga yuboriladi.