Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasi o‘yinlarining yarim final uchrashuvlari o‘tkazildi. Ikki o‘yindan iborat mazkur bosqichda finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi.

27 apreldan 28 aprelga o‘tar kechasi yarim finalning dastlabki juftligi «Real Madrid» — «Chelsi» uchrashuvida 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. «Chelsi» safidan Kristian Pulishich gol urib, hisobni ochgan bo‘lsa, madridliklardan Karim Benzema to‘p kiritib, muvozanatni tikladi.

Mazkur jamoalar o‘rtasida javob uchrashuvi 5 maydan 6 mayga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tdi. Angliyada bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alabaga erishib, finalga yo‘l oldi. Uchrashuvdagi gollarga londonliklar safidan Timo Verner hamda Meyson Maunt mualliflik qildi.

Yarim finalning ikkinchi o‘yini — «PSJ» — «Manchester Siti» o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Fransiyada bo‘lgan dastlabki o‘yinda angliyaliklar 1:2 hisobida zafar quchishdi. Ushbu bahsda gollarga «PSJ» safidan Markinos, «Man Siti» safidan Kevin de Bryuyne hamda Riyad Mahrezlar mualliflik qilishdi.

4 maydan 5 mayga o‘tar kechasi Angliyada o‘tkazilgan javob o‘yinida esa mezbonlar raqiblariga imkoniyat qoldirishmadi va 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Har ikki golni ham manchesterliklarning Jazoirlik futbolchisi Riyad Mahrez urib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.

Shu tariqa YeCHL finaliga «Manchester Siti» hamda «Chelsi» jamoalari yo‘l olishdi. Final bahsi esa 29 may kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.

Musobaqa tarixida faqat Angliya klublari o‘rtasidagi final o‘yinlari bundan oldin 2008 yilda («Manchester Yunayted» — «Chelsi», «MYU» g‘alaba qozongan) va 2019 yilda («Tottenxem» — «Liverpul», «Liverpul» kubokni qo‘lga kiritgan) bo‘lib o‘tgan.

«Chelsi» uchun bu Chempionlar ligasidagi uchinchi final o‘yini, londonliklar 2012 yildagi finalda g‘alaba qozongan. «Manchester Siti» klubi uchun esa bu o‘z tarixidagi birinchi Chempionlar ligasi final o‘yini bo‘ladi.