Botir Saidov Xorazm viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikasiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

U 1997 yilda Urganch Davlat universiteti, 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Botir Saidov mehnat faoliyatini 1997 yilda Urganch Davlat universiteti iqtisod fakulteti Matematik modellashtirish va menejment kafedrasi assistent o‘qituvchisi vazifasidan boshlagan.

U 2001−2020 yillar mobaynida Markaziy bank iqtisodiy tahlil departamenti iqtisodchisi, aksiyadorlik tijorat Xalq bankining filiallarida boshqaruvchi o‘rinbosari, boshqaruvchi birinchi o‘rinbosari, boshqaruvchi, aksiyadorik tijorat Xalq bankining Risk menejment departamenti direktori o‘rinbosari, «O‘ztransgaz» AJ Boshqaruv Raisi maslahatchisi, aksiyadorlik tijorat Xalq banki hududiy filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish kompleksi hududiy menejeri, Xalq banki boshqaruv raisi maslahatchisi, Xalq banki Aktivlar monitoringi va muammoli aktivlar bilan ishlash kompleksi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Botir Saidov 2020 yil 17 dekabrdan buyon viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.