Maktablarda o‘quvchilarning bo‘lish vaqti Face ID tizimi orqali nazorat qilinishi joriy etiladi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan Qo‘shma Hay’at majlisida ma’lum qildi deya xabar bermoqda O‘zA.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Baxtiyor Berdialiyev maktablarda davomat tadbirlarini o‘tkazishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilishi, o‘quvchilarni nazoratsiz qoldirish hamda profilaktika inspektorlari va maktab rahbariyatining o‘zaro hamkorlik olib bormaganligi oqibatida yo‘q qo‘yilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

O‘quvchilarni nazorat qilish va ota-onalar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida maktablarda face id tizimini joriy etish, ta’lim sifatini oshirish maqsadida sinf xonalariga ovozli kameralar o‘rnatish va ularni ichki ishlar organlari hamda profilaktika inspektorlari bilan integratsiyalashuvini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi, deyiladi xabarda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov joriy etilayotgan mazkur tizim unda chuqur bezovtalik uyg‘otganini ta’kidladi.

«O‘zbekistonda totalitar nazorat tafakkuri juda ham kuchli zehniyat sifatida saqlanib qolayapdi. Ya’ni, erkin va mas’uliyatli odamni shakllantirish, hur va erkin ruhiyatni parvarishlash emas, odamlarga ishonmaslik va ular ustidan davlat nazoratini muttasil ushlab turish siyosiy tizimi yana kuchayib bormoqda. Totalitarizm, diktatura, nazorat tizimi har doim jamiyatdagi illatlar va adolatsizliklar nomi bilan parvarish qilinadi. Har doim shunday bo‘lgan. Lekin, faqat zaif jamiyatlar va avtoritar boshqaruvga moyil kuchlargina jamiyat erkidan voz kechib, nazorat tizimini kengayishiga, odamlarni muttasil nazorat tizimiga bo‘ysundirishga intilishgan», — deya ta’kidlaydi Rabbimov.

«Maktab o‘quvchilari — kelajak poydevori. Ular bugun maktablarda kameralar ostida fikrlashga, o‘ylashga, qolipda bo‘lishga majburlansa, yillar o‘tib, ular O‘zbekistonni to‘laqonli totalitar davlatga aylanishi uchun mustahkam madaniy-ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Erkin davlatlarni birontasida, sinf xonalari u yoqda tursin, maktab hovlisi yoki atrofi ham kameralar bilan kuzatilmaydi. Bolalar imkon qadar erkin bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilib beriladi. Kuch ishlatar tizimlariga tashabbus va imkoniyat berilsa, ular bajonidil butun jamiyatni nazorat qilishdan xursand bo‘ladi. Lekin, erkin bo‘lmagan O‘zbekiston rivojlana olmaydi. Aksincha, kuch ishlatar tizimlarini o‘zlari jamiyat nazoratida bo‘lishi kerak. Hozircha, aksi bo‘layapdi», — deb yozadi u.