Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, yig‘ilishda malakali o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratib berish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

«Bundan buyon, xorijiy tillar o‘qituvchilarining oylik maoshi, ularning malakasiga qarab belgilanadi. Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta daraja olgan o‘qituvchilarga — 40 foiz va yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama belgilanadi», — dedi davlat rahbari.

Uning ta’kidlashicha, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab beriladi. Hozirda ushbu harajat bir kishiga o‘rtacha 2 mln so‘mni tashkil etadi.

Moliya vaziri Timur Ishmetovga ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 50 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.

«Kelgusi yildan boshlab, yangidan ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi. Keyingi 3 yil davomida maktablardagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilari xalqaro sertifikat olishlari zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, xususiy ta’lim tashkilotlarining yuqori ball olgan o‘qituvchilariga ham o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ikki oy muddatda yaratiladigan qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanib, 1 ming 300 ta vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishi lozimligi aytildi.

Joriy yil 1 sentyabriga qadar tanlab olingan jami 207 ta maktabda barcha sharoitlari yaratiladi va chet tillarini chuqur o‘rgatish boshlanadi. Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari Xalq ta’limi vazirligi va yangi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi bilan birga, ushbu maktablarni zarur adabiyotlar, o‘quv dasturlari va qurollari hamda texnika vositalari bilan jihozlashga mas’ul bo‘ladi.

«Umuman, Nurobod tajribasidan kelib chiqib, viloyat hokimlari o‘z byudjetidan maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun, har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratsin. Abduvaxitov, Musayev, Shermatov, Toshqulov, Arziyev yangi Agentlik bilan birga, bir oy muddatda har bir ixtisoslashgan maktabga xorijiy, ayniqsa Osiyo davlatlaridan kamida 2−3 nafardan, oliygohlarga esa kamida 5 nafardan til egasi bo‘lgan malakali o‘qituvchilarni jalb qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqsin», — dedi prezident.

Maktablarning chet el mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari mahalliy byudjetdan, oliygohlarda esa o‘zining jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, viloyat hokimlari keyingi o‘quv yilidan boshlab har bir tumanda tanlov o‘tkazib, kamida 2 nafardan ingliz tili va 1 nafardan boshqa chet tili o‘qituvchilarini xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yishi aytildi.