O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbari Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi 24 ta tumanni qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirishni taklif qildi. Bunda qurilish materiallari klasterlarini, eng avvalo, yirik korxonalar va mavjud infratuzilmaga yaqin hududlarda joylashtirish zarurligi ta’kidlandi. Misol uchun, Chust, Forish, Qorovulbozor, Sherobod tumanlaridagi sement zavodlari, O‘zbekiston tumanidagi noruda konlari infratuzilmasidan foydalanib, bunday klasterlarni tashkil etish kerakligi aytildi. Ushbu tumanlarda infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan qo‘shimcha 400 milliard so‘m, geologiya ishlarini amalga oshirishga 100 milliard so‘m ajratiladi.

Viloyatlar tomonidan qurilish materiallari sohasida 5 milliard dollarlik 1000dan ziyod loyiha takliflari shakllantirildi. Yil oxiriga qadar 900 ta loyihani ishga tushirish orqali 25 mingta ish o‘rni yaratish belgilandi.

«O‘zsanoatqurilishbank» ushbu loyihalar uchun 300 million dollar mablag‘ jalb qilishi kutilmoqda. Bunga qo‘shimcha, loyihalarni kreditlashga davlat tomonidan «Sanoatqurilishbank» orqali qo‘shimcha 200 million dollar ajratiladi. Tadbirkorlarga bank filiallaridagi konsalting markazlari orqali amaliy yordamlar ko‘rsatiladi.

Yangi turdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish uchun tadbirkorlarga 15 milliard so‘mgacha kafillik beriladi (hozirda 8 milliard so‘m). Bundan tashqari, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha Markaziy bank stavkasidan 10 foizgacha ortiq qismi va xorijiy kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining 50 foizi qoplab beriladi. Qishloq joylaridagi sanoat zonalari hamda konlar va karerlar uchun yer solig‘i 10 baravargacha kamaytiriladi.

Geologiya qo‘mitasi raisi Bobir Islomov va «O‘zsanoatqurilishbank» boshqaruvi raisi Saxi Annaqlichev. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Geologiya qo‘mitasi raisi Bobur Islomovga joriy yil 1 iyulga qadar 500 ta noruda qazilmalar konini auksionga qo‘yib, investorlarga sotilishini ta’minlashni topshirdi. Ular bazasida sanoat korxonalari tashkil etiladi. «Cho‘zmaslik kerak. Tezroq xususiylashtirish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu imkoniyatlar qurilish materiallari ishlab chiqarishni 40 foizga ko‘paytirish, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish imkoniyatini yaratishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari hokimlarga viloyat yoki shaharga kiradigan import tarkibini tahlil qilib, ushbu mahsulotlarni mintaqada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni topshirdi.

Masalan, so‘nggi ikki yil ichida 6 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar qurildi, ularning qurilishida ishlatiladigan materiallarning deyarli 30 foizi chet eldan keltirilgan. Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 100 mingga yaqin xonadonning har biriga kamida 20−30 million so‘mlik elektr jihozlari, mebellar, oshxona anjomlari va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari kerak bo‘ladi.

Mas’ul shaxslarga bozor talabini tahlil qilish asosida ommabop tovarlarni mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalar sonini ko‘paytirish, bunday tovarlarni hududlardagi sanoat zonalarida oqilona joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«O‘zstandart» agentligi zimmasiga 24 ta ixtisoslashgan hududda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va ishlab chiqaruvchilarni xalqaro talablar va sifat standartlariga o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqaradigan korxonalarga xalqaro standartlarni tatbiq etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplanadi. Shuningdek, majburiy sertifikatlashtiriladigan qurilish mahsulotlarining ro‘yxati 3 baravarga qisqartiriladi (49 dan 16 gacha).

Yig‘ilishda mahalliy sanoatni malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi, chunki sohada 10 ming muhandis va texnologlarning, shuningdek 40 ming mutaxassisning yetishmasligi sanoatning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, dedi prezident.

1 sentyabrga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Germaniya va Rossiya universitetlari bilan birgalikda hududlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda muhandis va texnologlarni tayyorlash bo‘yicha beshta yo‘nalish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.