30 apreldan 1 mayga o‘tar kechasi Olmaliqning AGMK jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida «Istiqlol»ga qarshi to‘p surdi.

Zafar Polvonov va Yovan Jokich tomonidan kiritilgan gollarga «Istiqlol»dan Soirov penalti orqali urgan goli bilan javob berdi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

«O‘yin kutilganidek qiziqarli va shiddatli o‘tdi. Buni kechagi matbuot anjumanida ham ta’kidlab o‘tgandim. Kecha aytganimdek, AGMK muxlislar uchun g‘alabaga o‘ynadi va jamoa g‘ururini himoya qilish uchun ham kurashdi. AGMK musobaqa davomida jamoamizni qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorchilik bildiradi. Biz birgina muxlis bizga ishqibozlik qilsa ham g‘alaba uchun maydonga chiqamiz», — dedi u.

Shuningdek, o‘yinda gol urgan Yovan Jokich ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Afsuski guruhdan chiqolmadik. Bu futbol. Kelasi yili yana OCHL guruh bosqichiga chiqishga harakat qilamiz. Endilikda bizni chempionat kutmoqda va barcha diqqat-e’tiborni Superligada yaxshi ishtirok etishga qaratamiz». — dedi futbolchi.

Shu tariqa musobaqaning G‘arb mintaqasi guruh bosqichi yakunlandi. «Al Hilol» bilan bir xil 10 ochkodan to‘plaganiga qaramasdan «Istiqlol» o‘zaro o‘yinlarda ustunlik evaziga guruh g‘olibligini qo‘lga kiritdi. «Shabab Al Ahli» bilan AGMK esa guruhda 7 ochkodan to‘plab, o‘zaro o‘yinlardagi birgina gol farqi tufayli amirliklar 3-o‘rinni egallashdi.

AGMK esa OCHL guruh bosqichidagi debyut mavsumida kuchli guruhda 7 ochko to‘pladi va 2 g‘alabaga erishdi. Zafar Polvonov esa musobaqada 4ta gol urib, jamoa to‘purariga aylandi.