O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Ashxobodga amaliy tashrifi doirasida Turkmaniston prezidentining otasi Malikguli Berdimuhamedov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Ashxoboddagi iftorlikda shuningdek, ikki mamlakat muftiylari, ulamo va yoshullilar ishtirok etdi. Davlat rahbari Malikguli otaning vafoti munosabati bilan o‘zbek xalqi nomidan chuqur ta’ziya bildirdi. Marhumning ibratli hayoti, samarali faoliyati, savobli ishlari yodga olindi.


Malikguli Berdimuhamedov 18 aprel kuni 89 yoshida vafot etdi. U maktabni tamomlagach, kutubxonachi sifatida ishlay boshlagan. Keyinroq esa o‘zi ta’lim olgan maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat yuritgan. O‘zbekistonning Chirchiq shahridagi kichik ofitserlar o‘quv maktabini tugatgach, 1954 yilda kichik leytenant unvoni bilan Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi tog‘oldi harbiy qismida xizmat qilgan.

Shu kuniyoq Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hamrohligida «Turkmanboshi ruhi» majmuasiga tashrif buyurdi.

Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurat Niyozov maqbarasi ziyorat etilib, o‘tganlar haqiga Qur’on suralari tilovat qilindi.


Shu bilan prezident Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrifi yakunlandi. Davlat rahbarini Ashxobod xalqaro aeroportida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qo‘ydi.

Avvalroq, Ashxobodda O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari uchrashgani, unda Xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi Ashxobod bitimini bundan buyon ham birgalikda ilgari surish ta’kidlangani haqida yozgan edik.