Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida hozirgi kunda quyi palatada ko‘rib chiqilayotgan «Davlat tili to‘g‘risida» gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar, ushbu sohadagi islohotlar va vitse-spiker, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirovning fikri haqida gapirdi.

Alisher Qodirov qonun loyihasi muhokamasi natijalaridan so‘ng, «XDPning sovetcha qarashlari va «Milliy tiklanish»ni azaldan jini suymaydiganlar bilan qonunga jiddiy e’tibor bermayotganlarning kayfiyatlari ustuvorlik qilmoqda», — deb ta’kidlagan edi.

«O‘zbek tili qadrini ko‘tarish va uni ustuvorligini ta’minlash uchun kiritayotgan takliflarimiz „qolgan millatlarni xafa qilib qo‘ymasligimiz kerak“ yondashuvi bilan qabul qilinmay qoladigandek», — deb yozgan edi Alisher Qodirov o‘z blogida.

Rasul Kusherbayev umuman olganda qonunga o‘zgartirish kiritish va yangi tahrirda qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Uning fikriga ko‘ra, davlat bilan qandaydir masalalar bo‘yicha ish olib boradigan tadbirkorlik sub’ektlari, jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qonunga rioya qilishlari shart. Shu bilan birga, uning fikriga ko‘ra, bu davlat bilan aloqasi bo‘lmaganlarga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak. «Qaysi tilda ishlashni hohlasa, o‘shanda ishlayversin», — dedi u.

«Chunki qonun milliy til haqida emas, balki davlat tili haqida deb nomlangan. Xalq orasida ko‘plab tillarimiz bor. Agar qonun milliy til haqida deb nomlanadigan bo‘lsa, men aytgan bo‘lardim: „Ha, hamma masalalarda — ham uyda, ham xususiy sektorda — hamma joyda bitta til bo‘lishi kerak“ deb. Ammo bizda bunday emasku. Bizda 130 dan ortiq millat bor, o‘z tillarini saqlamoqchi bo‘lgan, biron bir joyda ishlatmoqchi bo‘lgan milliy ozchiliklar bor», — deya tushuntirdi parlament a’zosi.

Nima uchun mehnat muhojirlari uchun rus tili rivojlanmayotgani, nima uchun tashqi yozuvlar faqat ingliz tilida takrorlanayotgani va rus tilidagi tashqi reklama olib tashlanishi haqidagi savolga Rasul Kusherbayev ushbu tendensiyani qo‘llab-quvvatlamasligini va xususiy sektorga erkinlik berish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, deputat jamiyatda tildagi diskriminatsiya mavjudligini tan oldi.

«Masalan, Alisher Qodirovning fikri „o‘zbeklarning mehribonligi tufayli boshqa millatlarga ham ba’zi imkoniyatlar berilmoqda“ kabi. Menda bir savol bor: „Umuman kim sizdan shunday mehribonchilik so‘radi? Bu yerda yashaydigan qaysi millat?“ Mazkur savol sun’iy ravishda ko‘tarilayotganga o‘xshamayaptimi?» — dedi Rasul Kusherbayev va agar kerak bo‘lsa, bu masalada keskin chiqishini qo‘shimcha qildi.

«Men buni o‘zim ham sezdim. Juda xafa bo‘ldim. Nima uchun ular buni qilmoqdalar? Nega biz hali ham odamlarni alohida toifalarga ajratamiz? Nima uchun? Qachon biz umuman birlasha olamiz, davlat haqida, jamiyat haqida va milliy manfaatlar haqida o‘ylay olamiz?» — savol berdi parlament a’zosi.

Uning ta’kidlashicha, munosib lavozimlarni egallab turgan amaldorlar orasida til bilan bog‘liq vaziyatga shovinistik nuqtai nazar bilan qaraydiganlar hali ham bor.

«Agar shunday davom etaversa, men shunchaki deputatlik nishonini tashlayman va ketaman. Bo‘ldi! Agar bunday diskriminatsiya yana takrorlansa, men shunchaki ketaman», — deya xulosa qildi Rasul Kusherbayev.