28 aprel kechasi Yevropa Chempionlar ligasining yarim final uchrashuvlaridan ikkinchi juftlikning dastlabki o‘yini o‘tkaziladi. O‘yin oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning yarim finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

Foto: twitter.com/ChampionsLeague

«PSJ» — «Manchester Siti» (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: «PSJ» jamoasi Fransiya chempionatida 34-turdan so‘ng 72 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. 3-o‘rindagi «Monako»dan 1 ochko oldinda bo‘lsa, 1-o‘rindagi «Lill»dan 1 ochko ortda bormoqda. Jamoa 34-turni mehmonda «Mets»ga qarshi o‘tkazdi hamda 1:3 hisobida g‘alaba qozondi.

«Manchester Siti» APLda 33-turdan keyin 77 ochko to‘plagan holda yakka peshqadam. Klub 2-pog‘onada borayotgan Manchesterning boshqa bir klubi «Manchester Yunayted»dan 10 ochko oldinda bormoqda. «Shaharliklar» 33-turni mehmonda «Aston Villa»ga qarshi o‘tkazdi va unda 1:2 hisobida g‘alabaga erishdi.

Yarim finalga qanday yetib kelishdi?

«PSJ» jamoasi guruh bosqchida H guruhda ishtirok etib, 12 ochko bilan guruh peshqadami sifatida nimchorak finalga yo‘l oldi. Parijliklar nimchorak finalda Kataloniyaning «Barselona» jamoasiga raqib bo‘lishdi. Ispaniyada o‘tgan dastlabki bahsda parijliklar 1:4 hisobida ustun kelishdi. Javob o‘yinida esa 1:1 hisobi qayd etildi. Jamoa chorak finalda «Bavariya»ga duch keldi. Myunxenda bo‘lgan ilk o‘yinda parijliklar 2:3 hisobida g‘alaba qozonishdi. Javob o‘yinida 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsada, mehmonda urilgan gollar evaziga «PSJ» yarim finalga yo‘l oldi.

«Manchester Siti» C guruhida 5 g‘alaba va 1 durang qayd etib, 16 ochko bilan 1-o‘rinni egallab nimchorak finalga yo‘l oldi. Bu bosqichda esa ularga «Borussiya Myonxengladbax» duch keldi. Har ikki o‘yinda ham 2:0 hisobida g‘alabaga erishgan manchesterliklar chorak final bosqichiga chiqdi. Ushbu bosqichda esa «shaharliklar»ga Dortmundning «Borussiya"si duch keldi. «Manchester Siti» har ikki o‘yinda ham bir xil 2:1 hisobida g‘alabaga erishib, yarim finalga yo‘l oldi.

O‘zaro o‘yinlar: Umumiy o‘tkazilgan 3 o‘yinning bittasida «Manchester Siti» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 tasida durang natija qayd etilgan.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Xuan Bernat, Abdu Diallo, Aleksandr Letele, Rafinya («PSJ»). Serxio Aguero, Kevin de Bryune («Manchester Siti»).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

«PSJ»ning YeCHLda eng samarali o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchilaridan biri Killian Mbappe bo‘lib, u 2020−21 yilgi mavsumda 9 o‘yinda maydonga tushib, 810 daqiqa harakat qilgan. 8 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib, 3 bor golli uzatma muallifi bo‘lgan.

Manchesterliklar safida Fil Foden YeCHLning ushbu mavsumida 10 o‘yinda maydonga tushib, jami 801 daqiqani maydonda o‘tkazgan. Raqiblar darvozasiga 3 marta gol urib, 2 marta asistentlik qilgan.

Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 4 maydan 5 mayga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, YeCHL yarim finalidan o‘rin olgan yana bir uchrashuv 27 aprel oqshomida o‘tkazildi. Unda «Real Madrid» jamoasi «Chelsi»ni o‘z maydonida qabul qilib, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. 11-daqiqada Pulishich o‘yinda hisobni ochib, «Chelsi»ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, Karim Benzema 29-daqiqada gol urib, muvozanatni tikladi.