AGMK jamoasi OCHL guruh bosqichida 5-tur uchrashuvni «Al Hilol» klubiga qarshi o‘tkazdi. O‘yinning 39-daqiqasida Lutsiano Vetto tomonidan berilgan zarba golga aylandi. To‘p rikoshet hosil qilgan holda AGMK darvozasi to‘riga borib tushdi.

Ikkinchi bo‘limda esa AGMK jamoasi tezkor gol o‘tkazib yubordi. Birinchi golga hammualliflik qilgan Muhammad Kanno tomonidan oshirilgan navbatdagi to‘pni Gomis boshi bilan golga aylantirdi. Uchinchi golda esa Vetto to‘p bilan ta’minlagan Shahroni darvozani aniq nishonga olib, o‘yin taqdirini hal etdi.

O‘yindan so‘ng AGMK jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirdi:

«O‘yinga o‘tishdan avval musobaqadagi ikki xil taassurotim haqida gapirmoqchiman. Hali musobaqa tugamadi va bizni oxirgi turdagi bahs kutmoqda. Lekin bugungi mag‘lubiyatdan keyin guruhdan chiqish imkoniyatlari qolmadi. Fursatdan foydalanib tashkilotchilarga guruh bosqichini yaxshi darajada o‘tkazishayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Xursand qiladigan tarafi, nufuzli musobaqada qatnashdik. Bu jamoa uchun katta maktab. Shuningdek, musobaqa davomida doim bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha o‘zbekistonlik futbol muxlislariga katta rahmat aytaman. Ikkinchi tarafi, ya’ni yoqmagan jihat bu o‘zimizning xatolar tufayli ko‘plab gollarni o‘tkazib yuborganimiz bo‘ldi. Hayot davom etadi. Bu futbol, unda kimdir yutadi va kimdir yutqazadi.

O‘yinga keladigan bo‘lsak, «Al Hilol» kuchli ijrochilarga ega jamoa. Bugun ular haqli g‘alaba qozonishdi. Birinchi bo‘limda 40-daqiqagacha yaxshi harakatlandik. Lekin rikoshet orqali urilgan gol va ikkinchi taymdagi tezkor gol jamoaga ruhan ta’sir qildi", — deydi u.

Shu tariqa AGMK guruhdagi 5-o‘yinda uchinchi mag‘lubiyatini qabul qildi va 4 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turibdi. Mazkur mag‘lubiyatdan keyin olmaliqliklarning guruhdan chiqish imkoniyatlari yo‘qqa chiqdi. Yakuniy 6-turni AGMK 30 aprel kuni guruh peshqadami Tojikistonning «Istiqlol» klubiga qarshi o‘tkazadi.