2021 yilning ilk uch oyida o‘zbekistonliklar «chiroyli» avtoraqamlar sotib olish uchun 62 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflashdi. Bu haqdagi ma’lumotlarni Respublika tovar-xom ashyo birjasi statistikasida ko‘rish mumkin.

Bu «chiroyli» avtoraqamlar sotuvga chiqarila boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2018 yilning birinchi choragida 12,1 mlrd so‘m, 2019 yilda — 36,2 mlrd so‘m, 2020 yilda — 43,2 mlrd so‘m bo‘lgan edi.

O‘tgan yil noyabrida haydovchilarga istalgan harf kombinatsiyalari bilan «chiroyli» raqamlarni sotib olishga ruxsat berilgani haqida ma’lum qilingan edi. Bunda avtoraqamlarning boshlang‘ich narxi odatdagidan ancha yuqori bo‘ladi.