Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Kampir-Obod suv ombori yaqinidagi 50 gektar yerni O‘zbekistonga berilishiga qarshi bo‘lgan O‘sh viloyati Qora-Suv tumani aholisi bilan uchrashdi, deb xabar berdi Kaktus.media.

Portal O‘zbekiston bilan tuzilgan shartnomaga binoan bir qator chegara uchastkalari, shu jumladan Ungar-Tog‘ tog‘i Qirg‘izistonga o‘tkazilishini eslatib o‘tdi. Ushbu hududlar evaziga O‘zbekiston Kampir-Obod suv omboridan foydalanish huquqini oldi. Shaxrixonsoy kanali joylashgan 50 gektar maydon ham O‘zbekistonga o‘tdi. Buning uchun Qirg‘iziston O‘zgan viloyatining 50 gektar chegara zonasini oldi. «Gazeta.uz» bundan oldin ham bu haqda Qirg‘iziston OAV va Qamchibek Tashiyevga asoslanib yozgan edi. O‘zbekiston tomoni Qirg‘iziston bilan tuzilgan shartnomalar natijalari to‘g‘risida rasmiy ravishda xabar bermagan.

Ayni paytda, 14 aprel kuni Qirg‘izistonning Qora-Suv viloyati Savay qishlog‘i aholisi Kampir-Obod suv ombori yaqinidagi 50 gektar maydonni o‘zbek tomoniga berishiga qarshi muddatsiz aksiyani boshlashdi. Oqsoqollar rasmiylarning harakatlaridan, yer uchastkalari almashinuvi to‘g‘risida tushunarli ma’lumotlarning yo‘qligidan va mahalliy aholi fikri inobatga olinmaganidan norozi ekanliklarini ma’lum qildilar. Aholining fikriga ko‘ra, almashinish Qirg‘iziston manfaatlariga zarar yetkazgan holda amalga oshirilgan.

Voqea joyiga kelgan Qamchibek Tashiyev namoyishchilarga yer almashinuvi shartlarini quyidagicha tushuntirdi:

«Ushbu protokol bizning xalqimiz uchun eng manfaatli va foydalidir. Bunday holda, nizo faqat 50 gektarni tashkil qiladi. Bu hududni bermaslik mumkin edi, degan fikrlar eshitilmoqda. Ammo bizda bu qarorning sababi bo‘lgan. Boshqa tumanlar, bahsli hududlar aholisining muammolarini hal qilish kerak edi», — dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.

Biroq, Qora-Suv viloyati aholisi o‘z fikrlarida qolishdi. Ular Qirg‘iziston 50 gektar yer hududini O‘zbekistonga bermasligi kerak deb hisoblashadi. Shu sababli, muzokaralar yakunida Qamchibek Tashiyev o‘zbek tomoni bilan kelishuv shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida gaplashishini ma’lum qildi:

«Men ularga 50 gektar emas, balki faqat 20 gektar maydonni almashtirishni taklif qilishga harakat qilaman. Buning uchun men Toshkentga borib, muzokaralar olib borishim kerak. Ushbu 20 gektar o‘rniga biz boshqa hududda, ehtimol O‘zgan tumani yaqinida hududni olamiz. Men harakat qilaman, maylimi? Qolganini Xudo ko‘rsatadi».

Jurnalistlar Toshkent bunga rozi bo‘ladimi, agar javob salbiy bo‘lsa, nima bo‘lishiga oydinlik kiritish maqsadida murojaat qilishdi. Qamchibek Tashiyev o‘zbek hamkasblari bunga rozi bo‘lishi haqida aytdi, deb yozadi Kaktus.media.