18 apreldan 19 aprelga o‘tar kechasi Osiyo Chempionlar ligasi doirasida AGMK jamoasi o‘zining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi. «A» guruhidan joy olgan AGMK 2-tur uchrashuvini Tojikistonning «Istiqlol» klubiga qarshi o‘tkazdi. Gollarga boy bo‘lgan bahsda 2:3 hisobi qayd etildi va unda olmaliqliklar mag‘lub bo‘lishdi.

Birinchi bo‘lim yakunida raqibning jarima zarbasidan uzatgan to‘pi Jokichga tegib avtogol sifatida darvozadan joy oldi. Ikkinchi bo‘limda esa chuqur himoyaga o‘tirgan «Istiqlol» jamoasi qarshi hujumlardan unumli foydalandi. Dastlab Manuchexr Jalilov chap qanotdan uyushtirilgan hujumni golga aylantirgan bo‘lsa, oradan qisqa vaqt o‘tib Zafar Polvonov burchak zarbasidan keyin oradagi farqni yo‘qqa chiqardi.

O‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganida qarshi hujumga o‘tgan tojikistonliklar Rahimovning aniq zarbasi orqali hisobni yana oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Uchrashuvning oxirgi daqiqasida Zafar Polvonov Mirjamol Qosimovning uzatmasini golga aylantirib, oradagi farqni qisqartirdi. Biroq vaziyatni butkul o‘nglash uchun hakam tomonidan qo‘shib berilgan 3 daqiqa kamlik qildi.

Uchrashuvdan so‘ng AGMK jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Ikkita har xil bo‘limga guvoh bo‘ldik. Birinchi taymda juda bo‘sh o‘ynadik. Futbolchilarga yutuq oson keladigandek tuyuldi. Bunday munosabat esa birinchi bo‘limda jazosiz qolmadi albatta. Taym so‘nggida standart vaziyatidan gol o‘tkazib yubordik.

Ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik. Qolaversa gol ham urdik. Lekin o‘zimizning xatolarimiz evaziga g‘alabani raqibga topshirib qo‘ydik. O‘yinga raqibni mensimagandek chiqqandek bo‘ldik. Balki men jamoani ushbu bahsga yaxshi tayyorlay olmadim. Qolaversa omad biz tomonda bo‘lmadi. Hisob 2:0 ko‘rinishiga kelganida gol urdik va ikkinchi golni ham urgandik. Hali oldimizda 4 o‘yin turibdi. Ishlaymiz va vaziyatni o‘nglashga harakat qilamiz", — deydi Qosimov.

Navbatdagi bahsni AGMK jamoasi 21 aprel kuni o‘tkazadi. O‘sha kuni AGMK jamoasi «Shabab Al Ahli» bilan kuch sinashadi.