O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati ayrim yo‘nalishlarda samolyotlar turi deyarli bir xil bo‘lishiga qaramasdan, aviachiptalar narxlari haddan ziyod baland ekanligini ma’lum qildi.

Jumladan, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln 700 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Xolbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 4 mln. 200 ming so‘m, Toshkent-Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2 mln 800 ming so‘m (parvoz vaqti — 5 soat 30 daqiqa), Toshkent-Nyu York yo‘nalishi bo‘yicha esa 6 mln 500 ming so‘m (parvoz vaqti — 12 soat) etib belgilangan.

«Ko‘rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu „tushunarsiz holat“ fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda», — deyiladi xabarda.

Senat ma’lumotlariga ko‘ra, aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolar tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda.

«Zotan, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga Qozog‘iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan va bizning mas’ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda», — deya qayd etdi parlament yuqori palatasi.

Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo‘shni Qozog‘istonga ketayotgan fuqarolarimiz yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Senat Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini o‘rganib chiqish va natijasi borasida ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shoxruh Shorahmedovga senator so‘rovi yubordi.