Qarshi shahrida Daryo internet nashri muhbiri Otabek Qo‘ldoshev ish faoliyati davomida IIB xodimining qo‘pol qarshiligiga uchragan video lavhasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Videoga ko‘ra, jurnalistdan hujjat talab qilingan. IIB xodimi “Hurmatli inson, hujjatsiz kelma, birinchidan. Mening asabimga o‘ynama og‘ayni”, — deya IIB mansabdori qo‘l ostidagi xodimga jurnalistni oborib tiqishni buyurdi.

Mazkur holat yuzasidan IIV axborot xizmati izoh berdi.

“Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Daryo.uz internet nashri muhbiri Otabek Qo‘ldoshev bilan suhbat jarayonida kasb etikasini buzgan ichki ishlar organi xodimining harakatlari o‘rganib chiqilib, huquqiy baho beriladi”, — deyiladi xabarda.