15 aprel kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiya hukumatining «zararli tashqi faoliyati» tufayli yangi sanksiyalarni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar beriladi Oq uy rasmiy saytida.

Oq uy ma’muriyatining fikriga ko‘ra, sanksiyalar Rossiyaning AQSH saylovlariga aralashishga urinishlar, AQSH hukumat tarmoqlariga qilingan kiberhujumlar, dissidentlar va jurnalistlarga qarshi eksterritorial harakatlar va boshqalar sanab o‘tilgan holda «beqaror holatga keltiruvchi xalqaro harakatlari» uchun deb ko‘rsatilgan.

14 iyundan AQSH moliya institutlariga Rossiya markaziy banki va Rossiya moliya vazirligidan, shuningdek Milliy farovonlik jamg‘armasidan qimmatli qog‘ozlarini bevosita sotib olish taqiqlanadi.

Shuningdek, AQSH «Rossiya razvedka xizmatlarining kiber dasturini qo‘llab-quvvatlayotgan» Rossiyaning oltita texnologik kompaniyalariga cheklovlar qo‘ydi:

  • ERA Texnopolis
  • Pasit
  • Neobit
  • Advanced System Technology (AST)
  • Positive Technologies
  • Himoya qilish va avtomatlashtirish uchun ixtisoslashtirilgan hisoblash moslamalari ilmiy-tadqiqot instituti.

Bundan tashqari, AQSH o‘n nafar rossiyalik diplomatni Vashingtondan chiqarib yubormoqda. Oq uy ularni Rossiya maxsus xizmatlari xodimi demoqda. AQSH moliya vazirligi esa Rossiyaning 32 yuridik va jismoniy shaxslariga qarshi shaxsiy sanksiyalar e’lon qildi.

Rossiyaning Qrimdagi harakatlari sababli yana sakkizta jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiya qo‘llanildi.

Vashington Qrim masalasi bo‘yicha Rossiyaning FSB va SK boshqarmalari rahbarilariga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. AQSH Rossiyaning FSB, GRU va SVR kabi xizmatlari bilan hamkorlik qiluvchi 4 ta yangiliklar saytiga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

AQSH hukumati, shuningdek, o‘tgan yili AQSH davlat idoralariga qilingan xakerlik hujumida Rossiyaning Tashqi razvedka xizmatini (SVR) rasmiy ravishda aybladi.