Ijtimoiy tarmoqlarda soliq xodimlari sotuvchilik orqali kun ko‘ruvchi ayollarning buyumlarini olib qo‘yganligi holati ifodalangan video lavhalar tarqaldi.

Videoga ko‘ra, soliqchilar ko‘chada sotuvchilik qilayotgan ayollarning buyumlarini tortib olib, mashinaga yuklashga uringan. Jarayonni videoga olgan ayolning aytishicha, 10 A 042 RA raqamli avtomobilda kelib, sotuvchi ayollarning buyumlarini tortib olishga uringan shaxslar soliq organi xodimlaridir. Ayollardan biri buyumlarini berishni xohlamagan, soliq organi xodimi uni yerda sudrab, sumkasini majburan olib qo‘ygan.


Foto: Videodan lavha

“Uyimda non qolmadi, ber narsalarimni”, deya baqiradi sotuvchi ayol. Soliqchilardan biri “bu yer bozor emas"ligini aytadi. “Necha marta kelish kerak”, deydi u.

Mazkur holat yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev munosabat bildirdi. U bu holat Soliq xizmati uchun uyatli ekanligini bildirdi.

“Bu biz uchun juda ham uyatli. Bizning sha’nimizga, umuman Soliq xizmatining vazifalariga to‘g‘ri kelmaydigan hodisa yuz bergan. Men o‘zim shaxsan va’da qilaman: o‘zim hozir Samarqand viloyatida xizmat safaridaman, lekin qaytib borishim bilan o‘zim Olmaliq shahriga borib, o‘sha hodisa yuz bergan joyda bo‘laman. Lekin ungacha kutmasdan, barcha hodisada o‘zini noo‘rin tutgan va noo‘rin xizmat vazifasini bajargan xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralari ko‘riladi. O‘ylaymanki, bu bizga hech ham yarashmaydi”, — deydi u.

Shuningdek, Kudbiyev soliq organlari kuch ishlatar idora emasligini ta’kidladi.

“Soliq organlari hech qachon kuch ishlatar idora emas, balki tadbirkorlarimizga ko‘makchi bo‘ladigan idora. Lekin bunday ayanchli holatlar, albatta, yuz beryapti va biz buni ildizi bilan yulib tashlashimiz kerak bo‘ladi. Biz uchun juda ham uyatli va men bunday holat yuz berganligi uchun hurmatli fuqarolarimizdan, butun xalqimizdan, soliq idoralarida hamma xodim ham bunday emas, mana shunday xodimlar hali ham oramizda borligi uchun uzr so‘rayman. Baribir hali bu masalalarda oxirgacha yetamiz”, — deydi Davlat soliq qo‘mitasi raisi.

Sherzod Kudbiyev ko‘rilgan choralar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.