Hukumat qarori bilan Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Xarajatlarni qoplash uchun faqat imtihon topshirish paytida 31 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

5 ta xalqaro imtihon tizimi (IELTS, TOEFL, GMAT, GRE, SAT) bo‘yicha kompensatsiyalar 2021 yil 1 maydan boshlab to‘lanadi, yana 13 ta imtihon tizimi bo‘yicha xarajatlar 2022 yil 1 yanvardan qoplanishni boshlaydi (ya’ni imtihon xarajatlari yuqorida belgilangan sanada yoki undan keyin imtihon topshirgan yoshlarga qoplab beriladi — tahr.).

Xalqaro imtihon tizimlarida sertifikat olgan yoshlar 180 kunda davlat xizmatlari markazlariga yoki YAIDXP orqali (my.gov.uz) murojaat qilishi lozim bo‘ladi.

DXM 10 daqiqada, YAIDXP orqali esa avtomatik tarzda hujjatlar Yoshlar ishlari agentligiga yuboriladi. Agentlik esa 15 kunda arizachining sertifikatini verifikatsiyadan o‘tkazadi.

Xalqaro imtihon tizimlarining ro‘yxati va minimal ball (daraja) miqdori.

Sertifikat haqiqiyligi tasdiqlangach, 15 kunda kompensatsiya mablag‘lari agentlik tomonidan Xalq bankiga o‘tkaziladi va ariza beruvchiga SMS xabar yuboriladi.