13 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, yig‘ilishda muhim masalalardan biri — talabalarning ijarada yashashiga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 130 mingdan ziyod oliygoh talabalari ijarada yashamoqda.

«Bu masalani hal qilish bo‘yicha Hukumat tomonidan alohida dastur tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, bunday farzandlarimizga 1 maydan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming nafar yoshlar qamrab olinadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, ehtiyojmand talabalarga ushbu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablag‘i hisobidan ham qoplab beriladi.

Moliya vaziri Timur Ishmetovga ushbu maqsadlar uchun 100 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Moliya vaziri Timur Ishmetov, rektor va viloyat moliya boshliqlari ikki haftada ijarada turgan talabalar bilan uchrashib, 1 maydan to‘lovlarni boshlaydi.

Bundan tashqari, prezident tashabbusi bilan 4.4 trlnn so‘m mablag‘ yangi yotoqxonalar qurilishiga yo‘naltiriladi.