13−14 aprel kunlari Yevropa Chempionlar ligasining chorak final uchrashuvlari javob o‘yinlari o‘tkaziladi. Bugun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan o‘yinlar oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning chorak finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

«Chelsi» — «Portu» (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: «Chelsi» jamoasi ayni vaqtda APL turnir jadvalida 31 uchrashuvdan so‘ng 15 g‘alaba, 9 durang, 7 mag‘lubiyat bilan 54 ochkoga ega. O‘tgan 5 turda jamoa 3 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyatga erishdi. 30-turda jamoa o‘z maydonida «Vest Bromvich»ga 2:5 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. 31-turda esa «Kristal Pelas» mehmoni bo‘lib 1:4 hisobida g‘alaba qozondi.

«Portu» jamoasi 26-turdan keyin 60 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘rinda bormoqda. 1-pog‘onadagi «Sporting»da esa 66 ochko mavjud. «Portu» klubi so‘nggi 5 ta turning barchasida g‘alaba qozongan. 26-turda «Tondela» mehmoni bo‘lgan jamoa 0:2 hisobida g‘alabaga erishgan.

Chorak finalga qanday yetib kelishdi?

«Chelsi» YeCHLning E guruhida ishtirok etib, 14 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi hamda nimchorak finalga yo‘l oldi. Mazkur bosqichda «Atletiko Madrid» raqibi bo‘lgan jamoa dastlabki o‘yinda 0:1, javob uchrashuvida esa 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final ishtirokchisiga aylangan edi.

«Portu» esa C guruhida 13 ochko bilan «Manchester Siti»dan keyin 2-o‘rinni egalladi hamda keyingi bosqichga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda ularga «Yuventus» jamoasi raqib bo‘ldi. Portugaliyada o‘tgan ilk o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan «Portu» javob uchrashuvining asosiy vaqtida xuddi shunday hisobda mag‘lub bo‘ldi. Belgilangan qo‘shimcha daqiqalarda esa har ikki jamoa vakillari bittadan gol urib, hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. «Portu» esa mehmonda urilgan gollar evaziga chorak finalga yo‘l oldi.

O‘zaro o‘yinlar: Jamoalarning tarixdagi o‘zaro o‘tkazgan uchrashuvlarining barchasi YeCHL doirasida. 9 bor o‘tkazilgan bahsdan 6 tasida «Chelsi», 2 tasida «Portu» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 1 bor durang natija qayd etilgan.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Fernando Andrade («Portu»)

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

«Chelsi» jamoasi safida ayni vaqtgacha APLda eng ko‘p — 30 ta o‘yin o‘tkazgan futbolchi Meyson Maunt bo‘lib turibdi. Futbolchi jami 2365 daqiqa maydonda to‘p surib, 6 gol va 4 golli uzatma muallifi bo‘lgan.

«Portu» safida Portugaliya chempionati doirasida Xesus Korona 26 uchrashuv o‘tkazib, maydonda jami 1993 daqiqa to‘p tepgan. Raqiblar darvozasini 2 bor ishg‘ol qilib, 6 bor golli pas muallifiga aylangan.

Ma’lumot uchun, jamoalarning chorak finaldagi birinchi o‘yini 0:2 hisobida «Chelsi» foydasiga hal bo‘lgan.

Foto: twitter.com/ChampionsLeague

PSJ — «Bavariya» (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: PSJ jamoasi ayni vaqtda Fransiya chempionati turnir jadvalida 32-turdan so‘ng 66 ochko bilan 2-pog‘onada ketmoqda. 1-o‘rindagi «Lill»da esa 69 ochko mavjud. Parijliklar so‘nggi 5 o‘yinning 3 tasida g‘alaba qozonib, 2 tasida mag‘lub bo‘lgan. 32-turda «Strasburg» mehmoni bo‘lgan jamoa 1:4 hisobida g‘alaba qozongan.

«Bavariya» esa 28-turdan keyin 65 ochko bilan turnir jadvalining eng yuqori pog‘onasida bormoqda. Jamoa oxirgi 5 tur uchrashuvlarining 4 tasida g‘alaba, 1 tasida durangga erishgan. 28-turda o‘z maydonida bo‘lib o‘tgan «Union»ga qarshi o‘yinda myunxenliklar 1:1 hisobida durang natija qayd etishdi.

Nimchorak finalga qanday yetib kelishdi?

PSJ jamoasi guruh bosqchida H guruhda ishtirok etib, 12 ochko bilan guruh peshqadami sifatida nimchorak finalga yo‘l oldi. Parijliklar nimchorak finalda Kataloniyaning «Barselona» jamoasiga raqib bo‘lishdi. Ispaniyada o‘tgan dastlabki bahsda parijliklar 1:4 hisobida ustun kelishdi. Javob o‘yinida esa 1:1 hisobi qayd etildi.

«Bavariya» A guruhida ishtirok etib, 16 ochko to‘plab, 1-pog‘onada keyingi bosqichga chiqdi. 1/8 finalda «Latsio» bilan ikkita uchrashuv o‘tkazdi va birinchisida 4:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, javob o‘yinida 2:1 hisobida ustun keldi.

O‘zaro o‘yinlar: Shu kungacha o‘tkazilgan jami 11 o‘yindan 6 tasida PSJ, 5 tasida esa «Bavariya» g‘alabaga erishgan. Agar bugun myunxenliklar g‘alaba qozonishsa o‘zaro o‘yinlarda tenglashib oladi.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Xuan Bernat, Marko Veratti, Leyvin Kurzava, Markinos, Mauro Ikardi, Abdu Diallo, Alessandro Florensi (PSJ). Niklas Zyule, Leon Goretska, Serj Gnabri (COVID-19 sababli), Robert Levandovski, Lukas Ernandes, Korentin Tolisso, Mark Roka, Duglas Kosta («Bavariya»).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

PSJ safida yetakchi va ayni vaqtda yaxshi formaga ega futbolchi — Killian Mbappe. U Fransiya chempionati doirasida 27 o‘yinda 2045 daqiqa maydonda to‘p surib, 21 gol va 7 golli uzatma muallifiga aylangan.

«Bavariya» safida esa Tomas Myuller Bundesligada 26 uchrashuvda ishtirok etib, 2217 daqiqa maydonda bo‘lgan. 10 marta gol urib, 16 marta golli uzatma muallifi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, jamoalarning chorak finaldagi birinchi o‘yinida 2:3 hisobida PSJ foydasiga hal bo‘lgan.