Eron Natanzdagi «hujumdan» so‘ng yadro inshootlarining ishlab chiqarish quvvatini 50 foizga oshiradi

Natanzdagi Eron yadro inshootidagi fojia ushbu korxonada uranni boyitish jarayonini to‘xtatmadi, uning ishlab chiqarish quvvatini 50 foizga oshirish rejalashtirilgan, deya ta’kidladi mamlakat vitse-prezidenti, Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Solihi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «bir necha kun ichida rasmiylar buzilgan sentrifugalarni katta quvvatga ega bo‘lgan boshqalariga almashtiradi». 11 aprel kuni Eron Natanz inshootida elektr taqsimlash tarmog‘ida avariya qayd etilgani haqida xabar berdi. Qurbonlar yo‘qligi va atrof-muhit ifloslanmaganligi ma’lum qilindi. Ali Akbar Solihi bu hodisani «yadroviy terrorizmning namoyishi» deb atadi, deya yozadi TASS.

New York Times’ning yozishicha, Natanzdagi avariya Isroil tomonidan uyushtirilgan portlash oqibatida sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Isroilning voqeaga aloqadorligini e’lon qildi. «Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan, Isroilning maxfiy operatsiyasi to‘g‘risida aytib bergan rasmiylar, portlash Eronning uranni boyitishiga jiddiy xalaqit berishini ta’kidladilar. Ularning fikricha, Natanzda ishni tiklash uchun kamida to‘qqiz oy vaqt kerak bo‘ladi», deb yozadi nashr. New York Times’ning xabar berishicha, kuchli portlash natijasida Natanzda elektr ta’minoti tizimi yaroqsiz holga kelgan. Uranni boyitadigan sentrifugalar elektr ta’minotisiz ishlamaydi.

Ushbu hodisaga sabab bo‘lgan kiberhujum ortida Isroilning «Mossad» razvedkasi turgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi Jerusalem Post 11 aprel kuni. O‘z navbatida, ismi oshkor etilmagan manba Jerusalem Post’ga Natanzdagi zavodda yuz bergan hodisa tasodifiy emasligi va undan zarar Eron rasmiylari ta’riflaganidan jiddiyroq bo‘lganini aytdi.


Minnesotada politsiyachi afroamerikalikni otib o‘ldirganidan keyin norozilik namoyishlari boshlandi

AQSHning Minnesota shtati Minneapolis shahri atrofidagi aholi punktlaridan birida politsiya xodimlari 20 yoshli afroamerikalik Dante Raytni otib o‘ldirdi. Qayd etilishicha, politsiya uning mashinasini yo‘l harakati qoidalarini buzganligi sababli to‘xtatishgan. Avvalroq ularga yigitni hibsga olish to‘g‘risida order berilgan bo‘lgan. Nima sababdanligi esa aniq emas. Rayt uni hibsga olishga uringan politsiya talablariga bo‘ysunmadi va yana mashinasiga o‘tirdi. Politsiya xodimlaridan biri o‘q uzdi. Raytga tibbiy yordam ko‘rsatildi, ammo u vafot etdi.

Ushbu hodisadan so‘ng 500 ga yaqin kishi shahar politsiya bo‘limi binosi oldida yig‘ildi. Ular politsiyaning iltimosiga binoan tarqalishdan bosh tortishdi. Huquq-tartibot idoralari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, eskirgan granatalar va rezina o‘qlardan foydalanishdi. Bundan tashqari, Rayt vafot etgan joyga taxminan 200 kishi kelgan. Ular politsiyaning ikkita mashinasiga zarar yetkazishdi. Namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan. Shaharda talonchilik holatlari qayd etilgan. Minnesota shtati gubernatori va shahar meri vaziyatni kuzatayotganliklarini aytdi. Shtat milliy gvardiyasi shahardagi politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvdan Minneapolis atrofiga olib kelindi. — Star Tribune.


Ekvadordagi prezident saylovlarida Gilermo Lasso g‘alaba qozonmoqda

Ekvadorda prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida sobiq bankir, «KREO» harakatidan Gilermo Lasso eng ko‘p ovoz to‘plagan. Janubiy Amerika mamlakatining Milliy saylov kengashi (MIK) tomonidan e’lon qilingan natijalar shundan dalolat beradi. Berilgan ovozlarning 98,05 foizi qayta ishlanganidan so‘ng olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Lasso 52,48 foiz saylovchilarining ovozini olgan. — TASS.


Germaniya kansleri emlanish uchun navbatini bekor qildi

Germaniya kansleri Angela Merkel koronavirusga qarshi emlash uchun belgilangan uchrashuvni bekor qildi. Sobiq Tempelxof aeroporti hududidagi emlash markazida Angela Merkel nomiga 11 aprelga emlanish belgilangan edi. Ushbu markazda AstraZeneca vaksinasidan foydalaniladi. Nashrning ta’kidlashicha, uchrashuv onlayn tarzda Doctolib xizmati orqali bekor qilingan. Bild buni Merkelning Armin Lashet va Markus Zyoderlar ishtirok etishi kerak bo‘lgan Xristian demokratik ittifoqi (XDI) va Xristian ijtimoiy birligi (XIB) blokining yopiq yig‘ilishida ishtirok etishi bilan izohlamoqda. — Bild.


Parijda noma’lum shaxs kasalxona yaqinidagi odamlarga o‘q uzdi

Parijning 16-okrugida noma’lum shaxs Anri-Dyunan kasalxonasiga kiraverishda odamlarga o‘q uzdi. Bir kishi vafot etdi. Kasalxonaning xavfsizlik xizmatida ishlaydigan ayol jarohat oldi. Le Figaro’ning aniqlik kiritishicha, otishma Fransiya Qizil Xoch tashkiloti tomonidan boshqariladigan va COVID-19ga qarshi emlayotgan xususiy shifoxona yonida sodir bo‘lgan. — BFM TV.


Bishkek markazida, Markaziy saylov komissiyasi binosi oldida saylov natijalaridan norozilar mitingi bo‘lib o‘tmoqda

11 aprel kungi saylovlardan so‘ng mahalliy kengashlarga o‘tmagan partiyalar tarafdorlari Bishkekdagi Markaziy saylov komissiyasi oldida ovoz berish natijalarini bekor qilish uchun miting o‘tkazmoqda. U yerda 50 ga yaqin odam to‘plandi. Ularning ko‘pchiligida kommunistik ramzlar tushirilgan bayroqlar bor, Qirg‘iziston demokratik harakati (QDH) va Qirg‘iziston sotsialistik partiyasining bayroqlari ham ko‘rinib turibdi. Namoyishchilar ovoz berish natijalarining bekor qilinishini talab qilmoqda. Bundan tashqari, ular saylov natijalari bekor qilingan taqdirda, qonun buzilishida aybdor deb topilgan partiyalar yangi saylovlarda qatnashish huquqiga ega bo‘lmasligini targ‘ib qilmoqdalar. Miting tinch namoyish tarzida o‘tkazilmoqda. Namoyish maydonida nima bo‘layotganini kuzatayotgan bir nechta politsiyachilar ham bor. — TASS.