«O‘zavtosanoat» kompaniyasi va uning tarkibiy korxonalarini isloh qilish bo‘yicha transformatsiya ofisi o‘z faoliyatni boshladi. U O‘zbekiston prezidentining yanvardagi topshirig‘i asosida Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etildi, deya xabar qildi «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati.

«Sohaning transformatsiya dasturini birgalikda amalga oshirilishi avtomobil bozorini isloh qilish uchun zarur iqtisodiy sharoitlarni hamda transformatsiya va bosqichma-bosqich „O‘zavtosanoat“ va uning tarkibiy korxonalarini xususiylashtirish orqali mamlakatimizda raqobat muhitini yaratadi», — deyiladi xabarda.

Transformatsiya ofisi Boston Consulting Group (BCG), shuningdek, Daimler, Fiat i Porsche kabi yetakchi xalqaro avtomobil konsernlarida ko‘p yillik boshqaruv tajribasiga ega yuqori malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida tashkil etildi. Ular bozor munosabatlari sharoitida raqobatbardosh va samarali biznes-modelni yaratishga imkon beradi.

«Transformatsiya jarayonida sanoatni boshqarishning eski modelidan voz kechish hamda mahsulot sifati va hajmiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan», — deya qayd etdi kompaniya.

Ishlab chiqarishning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish va mahalliylashtirish darajasini 70 foizgacha ko‘tarilishi samarali boshqaruvning natijasi bo‘ladi. Bu esa, o‘z o‘rnida, mahsulotning chakana narxini pasaytirishga imkon beradi. Birinchi bosqichdanoq ushbu dastur Chevrolet Tracker va Onix kabi modellar ishlab chiqarilishini boshlashni nazarda tutadi.

Transformatsiya ofisining birinchi yig‘ilishi O‘zbekiston Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va qambag‘allikni qisqartirish vazirligi, shuningdek, Boston Consulting Group (BCG)ning xalqaro ekspertlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Boston Consulting Group (BCG) bilan birgalikda ishlab chiqarilgan «O‘zavtosanoat rivojlanish strategiya"sida ko‘rsatilgan transformatsiya jarayoni quyidagi 7 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi:

  1. Savdo va marketing;
  2. Yangi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik va xususiylashtirish;
  3. Xaridorlar va ta’minotchilar bilan ishlash;
  4. Ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshilash;
  5. Aylanma mablag‘larni muvofiqlashtirish;
  6. Moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash;
  7. Raqamlashtirish va axborot texnologiyalarni joriy etish.

Transformatsiya strategiyasi va dasturi doirasida quyidagi bosqichlar belgilangan:

  • 2021−2022 yillarda «O‘zavtosanoat» va uning tarkibiy korxonalarini transformatsiya qilish, shuningdek, joriy operatsion faoliyatni (korporativ boshqaruv, ishlab chiqarish, moliya, savdo va sotuvdan keyingi xizmat) optimallashtirish va xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish;
  • 2022−2025 yillarda hamkorlar bilan birgalikda yangi mashhur avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ishlab chiqarishga sarflanadigan vaqtni ikki baravar qisqartirish, mahalliylashtirish darajasini 70%gacha oshirish, elektromobillarni ishlab chiqarishga tayyorgarlik va bosqichma-bosqich «O‘zavtosanoat» tarkibiy korxonalari ulushlarini xususiy sektorga sotish.