Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktab tizimidagi muammolarni muhokama qilishdan avval ularga yordam berish muhimligiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, «kimdir maktablarga chin dildan yordam beradi, kimdir faqat xato qidirishga harakat qiladi».

Vazir avvallari maktab ta’miriga asosan Investitsiya dasturi orqali mablag‘ ajratilganini aytib, hozirda hududiy hokimliklar tasarrufida qoladigan mablag‘larning maktablarga ko‘proq ajratilishiga harakat bo‘layotganini qo‘shimcha qildi. Eng yaxshi ko‘rsatkichga ega hokimlarga minnatdorchilik sifatida esa «Ta’lim homiysi» ko‘krak nishoni ham joriy etilgan.

Keyingi, uchinchi manba sifatida Sherzod Shermatov homiylar va bitiruvchilar mablag‘lari ekanligini ta’kidladi. «Ko‘pgina bitiruvchilar maktablariga borib chin dildan yordam ko‘rsatdilar», — dedi u.

«Maktablardagi moddiy-texnik holat bo‘yicha yig‘ilib qolgan muammolarni ko‘pligini bilganimiz uchun ham barchani maktabga yordam berishga safarbar qilish harakatidamiz. Lekin ba’zilar bizning ichki dardimizni yuzimizga solib, o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishdan nariga o‘ta olmayapti. Har qanday mansabdor shaxs, senatormi, deputatmi, vazirmi yoki boshqa rahbar agar haqiqatda prezidentimiz chaqiriqlariga ko‘ra maktabga yordam beraman desa, o‘z imkoniyatidan kelib chiqib ham yordam berish yo‘llarini topa oladi», — dedi Sherzod Shermatov.

Xalq ta’limi vaziri prezident topshiriqlarini to‘g‘ri tushungan rahbarlar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga maktablarga chin dildan yordam berishga harakat qilishini aytib o‘tdi.

«Yaqinda bir katta idora rahbari maktablarga qo‘shimcha televizorlar berish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatdi, lekin yoritmanglar deganiga kimligini aytmay qo‘ya qolamiz», — dedi u.

Bundan tashqari, u maktablarga ko‘mak beruvchi homiylar qatorida adliya vaziri ham borligini ma’lum qildi.

«Maktablardagi muammolarimizni yuzimizga solish o‘rniga, ularga yordam berish imkoniyatlarini topadigan shunday rahbarlar va insonlar ko‘payaversin», — deya qo‘shimcha qildi vazir.